Olimlar vahima qilmoqda: Sun’iy intellekt insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi
Texnologiya
−
06 iyun 2023
15802OpenAI va Google Deepmind kabi texnologik kompaniyalarning bir guruh rahbarlari va olimlari apokaliptik ogohlantirish bilan chiqdi. Ular sun’iy intellekt insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda. Bu haqda AI xavfsizlik markazi e’lon qilgan bayonotga tayanib, BBC xabar berdi.
“Sun’iy intellektning rivojlanishi tufayli insoniyatning yo‘q bo‘lib ketish xavfini kamaytirish pandemiya va yadro urushi kabi boshqa xavflar bilan bir qatorda global ustuvor vazifaga aylanishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Mazkur bayonot 350 dan ortiq sun’iy intellekt yetakchilari, tadqiqotchilari va muhandislari, jumladan, OpenAI'dan Sem Altman, Google Deepmind'dan Demis Xassabis va Anthropic'dan Dario Amodei tomonidan imzolangan.
Hujjatni neyron tarmoqlardagi ishlari uchun “Turing” mukofoti sovrindorlari Jeffri Xinton va Joshua Bengio ham imzolagan (ularni "sun’iy intellektning cho‘qintirgan otalari" deb atashadi. May oyi boshida Xinton etikaga e’tibor bermasdan texnologiyaning ehtimoliy zararlari haqida erkin gapira olishi uchun Google'dagi lavozimidan iste’foga chiqqan).
Ammo sun’iy intellekt bo‘yicha barcha mutaxassislar ham ushbu xavotirlarni asosli deb hisoblamaydi. Nashrning yozishicha, Meta korporatsiyasi vitse-prezidenti va AI bo‘yicha yetakchi tadqiqotchisi Yang LeKun ularni qo‘pol ogohlantirish bo‘yicha bayonotlarni “o‘ta bo‘rttirilgan” deb hisoblaydi.
“Menimcha, sun’iy intellektni inson aqli bilan tenglashtirish muammosi ko‘lami oshirib yuborilgan va bizning uni hal qilish qobiliyatimiz yetarli darajada baholanmagan”, deydi Yang LeKun.
Uning fikriga ayrim ekspertlar ham qo‘shiladi, ular AI'dan qo‘rqish to‘g‘ri ish emas hamda e’tiborni haqiqiy muammolardan chalg‘itib qo‘yadi, deb hisoblaydi.
Qayd etish joiz, AI xavfsizlik markazi veb-saytida e’lon qilingan bayonot bunday turdagi birinchi ogohlantirish emas. Shuningdek, joriy yilning mart oyida sun’iy intellektni rivojlantirish sohasidagi yetakchi shaxslar, jumladan, Ilon Mask va Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak ishonchli xavfsizlik protokollari ishlab chiqilmaguncha va qo‘llanilmaguncha, sun’iy intellekt tadqiqotlarini sekinlashtirishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, insoniyat bilan bog‘liqlik taraflari ko‘payib borayotgani bo‘yicha BMT xavotir bildirib, matn yoki tasvirlarni yaratishga qodir sun’iy intellekt insoniyat uchun katta xavf tug‘dirishi, hukumatlar va kompaniyalar undan foydalanishda juda ehtiyot bo‘lishlari kerakligi bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqqandi.
LiveBarchasi