Olimlar tabiiy “narkoz”ni ta’minlovchi miya qismini aniqladi
Salomatlik
−
04 avgust 2023
7983Tadqiqotchilar vaznsizlik yoki yiqilish hissini keltirib chiqaradigan miya hududini aniqladilar va bu behushlikning yangi shakllarini ishlab chiqishga yordam beradi. Bu haqda “Smithsonian magazine” nashri xabar berdi.
Gap shundaki, 2019 yilda Stenford universiteti nevrologi Jozef Parviziyning qabuliga epilepsiya (tutqanoq) bilan og‘rigan bemor kelgan va u ba’zida o‘zini suzayotgandek his qilishini aytgan.
O‘sha uchrashuvdan keyin Parviziy va uning jamoasi miyaning tana bilan bog‘liq hislarni ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan qismini kuzatib bordi. Natijada miyaning yuqori qismidan pastga cho‘zilgan burmaning chuqurligida yashiringan Prekuneus deb ataladigan kichik bo‘lak ushbu hislarga javobgar ekanligini aniqladi.
Tadqiqot davomida ushbu hududni elektr toki bilan rag‘batlantirish epilepsiya bilan og‘rigan sakkiz nafar ko‘ngillida g‘ayrioddiy hislarni keltirib chiqardi. Xususan, ular bosh aylanishi, dissosiatsiya va diqqatsizlik kabi hissiyotlarni boshdan kechirganini bildirgan. Olimlar miyaning bu qismiga elektr impulslarini yuborganda, ko‘ngillilar o‘zlarini suzayotgan yoki qulab tushayotganday his qilgan, ammo ular bunday holatda bo‘lmagan.
Jamoa xulosalariga ko‘ra, miyadagi ushbu tarmoqning buzilishi insonning dunyo haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirib, real hayotdagi o‘rnini haqiqiy bo‘lmagandek ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “kolbasaga o‘xshash miya bo‘lagi” kelajakda tibbiy muolajalar paytida anestetik dorilar o‘rnini bosishi mumkin. Behushlik uchun qo‘llanadigan doimiy dorilarning aksariyati butun tana va miya bo‘ylab tarqaladi va ba’zi xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki ular yurak urishi va nafas olishni sekinlashtiradi. Miyaning bu qismiga elektr bilan ta’sir ko‘rsatish miya faoliyatining ritmini sekinlashtiradi. Natijada olimlar nojo‘ya ta’sirlari kamroq bo‘lgan behushlik uchun yangi usullarni ishlab chiqishi mumkin.
LiveBarchasi