Olimlar kitob o‘qishga qiziqishning keskin kamayishidan tashvishda – tadqiqot
Bu qiziq
−
27 Sentabr 2025 3133 2 daqiqa
Xalqaro olimlar guruhi o‘tkazgan o‘rganishlar so‘nggi yigirma yil ichida zavq uchun muntazam kitob o‘qiydigan amerikaliklar soni deyarli ikki baravarga qisqarganini ko‘rsatdi. Bu haqdagi tadqiqot “iScience” jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli vaqt taqsimoti so‘rovi ma’lumotlarini tahlil qilgan. So‘rovnomada 2003-2023 yillar oralig‘ida 15 yoshdan katta 236 mingdan ortiq respondent qatnashgan. Ma’lum bo‘lishicha, agar 2000 yillar boshida so‘rov ishtirokchilarining qariyb 27 foizi har kuni kitob, jurnal yoki elektron nashrlarga vaqt ajratgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich atigi 16 foizni tashkil etgan.
“Bu vaqtinchalik tebranish emas, balki yiliga qariyb 3 foiz barqaror qisqarishdir”, deydi tadqiqot hammuallifi, Florida universiteti olimi Jill Sonke.
Shu bilan birga, o‘qishni davom ettirayotganlar bunga biroz ko‘proq vaqt ajratmoqda: o‘rtacha ko‘rsatkich kuniga 1 soat 23 daqiqadan 1 soat 37 daqiqagacha oshgan. Olimlar bu holatni “qutblanish” deb atamoqda: aholining bir qismi ko‘proq o‘qiyapti, biroq ko‘plab odamlar umuman kitobdan voz kechgan.
Olimlar qiziqishning pasayishini raqamli o‘yin-kulgilar, kutubxonalarga kirish imkoniyatining cheklanishi, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy omillar tufayli bo‘sh vaqtning qisqarishi bilan izohlamoqda.
Mualliflarning ta’kidlashicha, o‘qish – bu nafaqat madaniy qadriyat, balki ijtimoiy salomatlik omili ham. U kognitiv qobiliyatlarni yaxshilaydi, stressni kamaytiradi va uzoq umr ko‘rishga hissa qo‘shadi.
“Bunday oddiy va hammaga qulay mashg‘ulotning yo‘qolishi jamiyat uchun jiddiy muammo”, deya xulosa qilgan London universitet kolleji professori Deyzi Fankur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tyanszin pedagogika universiteti olimlari TikTok va Instagram’dagi qisqa videolarga haddan ortiq berilib ketish nafaqat hordiq bag‘ishlashini, balki miyaning ishlashini ham salbiy tomonga o‘zgartirishini aniqlagandi.
Live
Barchasi