Olimlar ilk bor ikki odamni tushida “gaplashtirdi”
Olam
−
13 Oktabr
27157AQSHning Kaliforniya shtatida REMspace startapi tadqiqotchilari birinchi marta tushda ikki kishi o‘rtasida aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu texnologiya uyquni yaxshilash va ongli tushlarni (ya’ni, tush davomida inson o‘zining tush ko‘rayotganligini anglaydigan holat) rivojlantirish maqsadida yaratilgan. Tajriba qatnashchilari har xil joylarda uyquga ketgan paytda, tadqiqotchilar ularning o‘rtasida maxsus yaratilgan “til” orqali so‘z uzatishga muvaffaq bo‘lgan.
REMspace kompaniyasi buning uchun maxsus ishlab chiqilgan uskunalardan foydalangan, jumladan, server, uskuna, Wi-Fi va sensorlar. Lekin ular o‘zlari qo‘llagan aniq texnologiyalar haqida ma’lumot bermagan.
“Kechagi kungacha tushlar orqali muloqot qilish fantastika edi. Ertaga esa bu odatiy holga aylanib, undan hayotimizda foydalanmaganimizni tasavvur ham qila olmaymiz”, deydi kompaniya asoschisi va bosh ijrochi direktori Maykl Raduga.
Agar ushbu texnologiya tasdiqlansa, bu uyqu tadqiqotlaridagi katta yutuq bo‘lishi va ruhiy salomatlikni yaxshilash, ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi sohalarda qo‘llanilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ongli tushlar bu inson tush ko‘rayotganini tushida anglab turgan holat bo‘lib, u tushda o‘zi istagan harakatlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. REMspace eksperiment davomida ishtirokchilarning miya faoliyati va boshqa biologik ma’lumotlarini kuzatish uchun maxsus uskunalardan foydalangan.
Ishtirokchilar uyquga ketgan vaqtda ularning miya faoliyati masofadan kuzatilib, ma’lumotlar serverga uzatilgan. Bir ishtirokchi ongli tush holatiga kirgan paytda, server maxsus yaratilgan “til”dan tasodifiy so‘zlarni tanlab, uni eshittirish qurilmalari orqali uzatgan. Ikkinchi ishtirokchi tushga “kirganida”, avvalgi ishtirokchi tomonidan qaytarilgan xabar unga uzatilgan va u uyg‘ongandan keyin bu xabarni takrorlagan.
Kompaniya ushbu tajribani boshqa ishtirokchilar bilan ham muvaffaqiyatli takrorlaganini aytmoqda, lekin texnologiyani tasdiqlash uchun yanada ko‘proq odam bilan tekshirish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NHSBT Xalqaro qon guruhi referent laboratoriyasi va Bristol universiteti olimlari MAL deb nomlangan yangi qon guruhi tizimini kashf qilgan edi.
LiveBarchasi