Olimlar global isish nega muzlik davriga olib borishini tushuntirdi

Bu qiziq

image

Kaliforniya universitetining Riversayd kampusidagi tadqiqotchilar global isishni muzlik davriga aylantirishi mumkin bo‘lgan mexanizmni aniqladi. Xususan, olimlar Yerning uglerod aylanishida ilgari yetishmay kelgan bo‘g‘inni topgan, bu esa nega qadimgi muzlik davri nihoyatda keskin bo‘lganini tushuntirib beradi. Bu haqdagi tadqiqot “Science” jurnalida e’lon qilindi.

O‘n yillar davomida olimlar Yer iqlimi tog‘ jinslarining tabiiy yemirilishi jarayoni orqali boshqariladi, deb hisoblab kelgan. Bu mexanizm quyidagicha ishlaydi: yomg‘ir atmosferadagi karbonat angidridni (CO₂) o‘ziga singdirib, quruqlikka tushadi. Suv tog‘ jinslarini, ayniqsa silikat jinslarni, masalan granitni yemiradi. Erigan moddalar yutilgan CO₂ bilan birga okeanlarga oqib boradi.

U yerda uglerod tog‘ jinslaridan ajralgan kalsiy bilan birikib, chig‘anoqlar va ohaktosh riflarini hosil qiladi. Bu materiallar okean tubiga cho‘kadi va uglerodni yuz millionlab yillar davomida saqlab qoladi, natijada atmosferadagi CO₂ miqdori asta-sekin kamayadi.

“Sayyora qizigan sari tog‘ jinslari tezroq yemiriladi va ko‘proq CO₂ ni yutadi, bu esa sayyorani yana sovitadi”, deydi tadqiqot hammuallifi, geolog Endi Rijvell.

Ushbu jarayon haroratning keskin o‘zgarib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan barqarorlashtiruvchi kuch sifatida hisoblab kelingan. Ammo geologik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim qadimgi muzlik davrlari shu qadar og‘ir bo‘lganki, muz va qor deyarli butun sayyorani qoplagan. Bunday to‘liq muzlashni haroratni shunchaki silliq tarzda tartibga solib turadigan tizim bilan tushuntirib bo‘lmaydi.

Tadqiqotchilar uglerodning okeanda ko‘milishi bilan bog‘liq qo‘shimcha mexanizmni aniqlagan.

Atmosferadagi CO₂ konsentratsiyasi oshib, harorat ko‘tarilganda, yog‘ingarchilik okeanga fosfor kabi ko‘proq oziqlantiruvchi moddalarni olib keladi. Bu moddalar fotosintez orqali karbonat angidridni yutadigan mikroskopik organizmlar – planktonlarning o‘sishini kuchaytiradi. Plankton nobud bo‘lgach, u okean tubiga cho‘kadi va o‘zi bilan birga yutilgan uglerodni ham olib ketadi. Shunday qilib, uglerod atmosferadan chiqarilib, okean cho‘kindilarida saqlanadi.

Issiqroq sharoitda bu tizim o‘zgaradi. Planktonning kuchaygan o‘sishi okeandagi kislorod darajasini pasaytiradi. Kislorod kam bo‘lganda, fosfor doimiy ravishda ko‘milish o‘rniga yana suvga qaytib chiqishi ehtimoli ortadi. Bu fosfor planktonning yanada ko‘payishini rag‘batlantiradi, plankton parchalanganda esa kislorod yanada kuchliroq kamayadi.

Bu aylanish davom etadi, ulkan hajmdagi uglerod ko‘miladi va global haroratlar pasaya boshlaydi. Qolaversa, bu pasayish boshlang‘ich holatdagidan ham kuchli bo‘lishi mumkin.

Rijvell bu jarayonni konditsioner tizimiga qiyoslaydi.

“Yozda siz termostatni taxminan 25 darajaga sozlaysiz. Kun davomida tashqaridagi harorat oshgani sain, konditsioner xonadagi ortiqcha issiqlikni chiqarib yuboradi, xona harorati 25 darajaga tushgach esa to‘xtaydi”, deya tushuntiradi u.

Yerning iqlim tizimi ham shunga o‘xshash ishlaydi, biroq u notekis javob berishi mumkin – xuddi termostat konditsionerdan uzoqda joylashgandek. Haroratni silliq barqarorlashtirish o‘rniga, bu teskari aloqa kuchli sovishga olib kelishi mumkin. Jamoa o‘tkazgan kompyuter simulyatsiyalarida ushbu effekt muzlik davrini keltirib chiqarish uchun yetarli darajada kuchli bo‘lgan.

Qadimgi Yer atmosferasida kislorod darajasining past bo‘lishi bu iqlim tizimini ancha beqaror qilgan. Bu esa dastlabki muzlik davrlarining nega bunchalik keskin bo‘lganini tushunishga yordam beradi.

Bugungi kunda atmosferadagi kislorod darajasi qadimgi davrlardagiga qaraganda ancha yuqori. Shu sababli, kelajakdagi sovish ehtimol kamroq ekstremal bo‘ladi – yuqori kislorod darajasi okeanlardagi teskari aloqaning kuchini kamaytiradi.

“Xuddi termostat konditsionerga yaqinroq joylashgandek”, deydi Rijvell.

Shunga qaramay, bu effekt keyingi muzlik davrining boshlanishini tezlashtirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo bu xotirjam bo‘lish uchun sabab emas.

“Oxir-oqibat, keyingi muzlik davri 50, 100 yoki 200 ming yildan keyin boshlanishining katta farqi bormi? Hozir biz uchun eng muhimi davom etayotgan global isishni cheklash. Yer oxir-oqibat yana sovishi mumkinligi, hatto bu jarayon notekis bo‘lsa ham, bizning hayotimiz davomida yordam beradigan darajada tez sodir bo‘lmaydi”, deydi olim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Bremen shahridagi MARUM dengiz atrof-muhit fanlari markazi olimlari ham Yer haroratining oshishi paradoksal tarzda sayyorada keskin sovuqqa – yangi muzlik davriga olib borishi mumkinligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim global isish muzlik davri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing