Olimlar DNK “noldan” yaratilishi mumkinligini aniqladi

Bu qiziq

image

Bristol universiteti olimlari DNKni hech qanday andozasiz (shablonsiz) “noldan” yaratish mumkinligini va bu jarayonni boshqarish imkoniyati borligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Nature Communications” (NatCom) jurnalida chop etildi.

Odatda, DNK-polimerazalar – DNKning yangi zanjirlarini “quruvchi” fermentlar – mavjud genetik zanjirdan nusxa ko‘chiradi. Biroq yangi tadqiqotda ma’lum bo‘lishicha, ular hech qanday “namuna”siz ham DNKning uzun qismlarini mustaqil ravishda sintez qilishga qodir. Eng qizig‘i, hosil bo‘lgan ketma-ketliklar tasodifiy emas, balki takrorlanuvchi naqshlar bilan tuzilgani (strukturalashgan) aniqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, bu naqshlarning xarakteri reaksiya sharoitiga va ferment turiga bog‘liq. Olimlar haroratni yoki DNKning mavjud “qurilish bloklari” to‘plamini o‘zgartirish orqali ketma-ketliklarning shakllanishiga maqsadli ravishda ta’sir o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Masalan, komponentlar soni cheklanganda, fermentlar mingtadan ortiq birlikdan iborat, qat’iy takrorlanuvchi uzun bo‘laklarni yaratgan.

Xatoliklar to‘planib qolishi sababli DNK uzunligi cheklangan an’anaviy sintez usullaridan farqli o‘laroq, yangi yondashuv bir siklda o‘n minglab birlik uzunlikdagi zanjirlarni olish imkonini bergan. Bu gen muhandisligi va sintetik biologiya imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin.

Bunday molekulalar tuzilishini o‘rganish uchun tadqiqotchilar DNKni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qish va ularning fizik shaklini tahlil qilish metodlaridan foydalangan. Bu uzun zanjirlar aynan qanday shakllanishini va jarayon asosida qanday qonuniyatlar yotishini kuzatish imkonini bergan.

Mualliflarning ta’kidlashicha, ilgari bunday effekt kam uchraydigan va tasodifiy deb hisoblanar edi. Biroq endi DNKning matritsasiz (namunasiz) sintezi muayyan qoidalarga bo‘ysunishi va nazorat qilinishi mumkinligi ayon bo‘ldi.

Olimlarning fikricha, ushbu kashfiyot genetik material bilan ishlash imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarni o‘zgartiradi va kelajakda yangi genlarni yaratish hamda hujayra jarayonlarini boshqarish uchun xizmat qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

DNK tadqiqot Bristol' universiteti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing