Oldin paxta, chopiq, pilla va supurish bo‘lardi... Prezident maktablarga jiddiy talab qo‘ydi
Jamiyat
−
14 iyul 2020
14648Xabaringiz bor, bugun, 14 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda maktab bitiruvchilarning maktabni hech bir hunarsiz bitirib chiqishini to‘xtatish choralarini ko‘rish kerakligi ta’kidlandi.
“Yoshlar maktabdan ketdi. Nimaga 11 yil o‘qitib, ularga kasb bermaganimizga kim javob beradi degan savol hammamizni qiynashi kerak. Shu sababli hayot bizni maktabning yuqori sinflaridayoq kasbga o‘qitish tizimini joriy etishga majbur qilyapti. Agar shuni qilmasak, bolalarimizni tarbiya qilolmaymiz. Ularga sharoit yarata olmaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident maktab bitiruvchilari o‘sha bilimi bilan oliy ta’lim muassasasiga kirolmasligini tanqid qildi. O‘z navbatida, ota-onalar repetitor orqali bolasini OTMga kiritayotgani tilga olindi.
“Maktabni oldiga savol qo‘yishimiz kerak: nimaga ota-ona repetitor topib, bolasini oliy ta’limga kirityaptiyu, nimaga davlat shuncha pul sarflasa-da, maktab bitiruvchilarining 50 foizi ham oliy ta’limga kirmayapti? Mana deputatlar o‘tiribdi, Kengashimizning ikki rahbari o‘tiribdi. Bu ham qonunda ko‘rib chiqilishi kerak. Adolatli talabmi yo‘qmi? Adolatli talab. Nima uchun bugun bu talabni qo‘yyapmiz. Tasavvur qilinglar 3, 5, 10 yil oldin bu talabni qo‘yolmasdik. O‘qituvchi ham, o‘quvchi ham 3 oy paxta bilan, bir oy chopiq bilan, 15 kun pilla bilan, ko‘cha supurish bilan ovora edi. U vaqt bu talabni qo‘yolmasdik. Hozir u narsalar yo‘q-ku maktabda. Endi talab qo‘yishga vaqti soat keldi desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi Prezident.
Yig‘ilishda yoshlarga hunar o‘rgatish uchun mahallalarda markazlar tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi