Kaliforniyada samolyot bino ustiga qulashi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
03 yanvar
3219Janubiy Kaliforniyada bir dvigatelli Van's Aircraft RV-10 samolyoti kamida 200 kishi ishlayotgan mebel ishlab chiqarish binosi tomiga qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va 18 kishi jarohat oldi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Fullerton politsiyasi vakili Kristi Uellsning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning shaxsi hozircha noma’lum. Parvozlarni kuzatuvchi “FlightAware” veb-saytiga ko‘ra, samolyot Disneylenddan atigi olti milya (10 kilometr) uzoqlikda joylashgan Orinj okrugidagi Fullerton shahar aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ikki daqiqa o‘tib halokatga uchragan. Samolyot qulagan ko‘chaning narigi tomonida g‘ildirak ishlab chiqaruvchi Rucci Forged kompaniyasining xavfsizlik kamerasi tasvirlarida samolyot binoga kirib ketayotganda yon tomoniga egilgani, oqibatda olovli portlash va qora tutun paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar va politsiya yetib kelgan, atrofdagi korxonalar evakuatsiya qilingan. 10 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Sakkiz kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga jo‘natilgan. Samolyot halokati sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
Federal aviatsiya ma’muriyatining ma’lum qilishicha, samolyot bir dvigatelli Van's Aircraft RV-10, to‘rt o‘rindiqli samolyot bo‘lgan. Milliy transport xavfsizligi kengashi ijtimoiy tarmoqdagi postida halokat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini xabar qildi.
Oxirgi kunlarda halokatga uchragan samolyotlar
29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.
Shuningdek, Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas.
Bundan tashqari, o‘sha kuni KLM Royal Dutch Airlines aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.
30 dekabr kuni esa Germaniyaning Shtutgart shahrida to‘rt o‘rindiqli Cessna C-172 samolyotining qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi. Uchuvchi yengil tan jarohati olgan, 70 yoshli yo‘lovchi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi