Okeanortidan 200 dan ortiq o‘zbekistonlik olib kelindi
Jamiyat
−
01 avgust 2020
6268Kecha, 31 iyul kuni Amerika va Kanadadan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari maxsus reys bilan olib kelindi. Ularning orasida amerikalik diplomatlar ham bor. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uzbekistan Airways kompaniyasining Nyu-Yorkdan parvoz qilgan samolyoti Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
So‘nggi charter reys bilan O‘zbekistonga jami 256 nafar yo‘lovchi (4 nafari chaqaloq) olib kelindi. Shundan 238 nafari O‘zbekiston fuqarosi, 18 nafar esa amerikalik diplomat va ularning oila a’zolaridir.
Respublika maxsus komissiyasi joriy qilgan tartibga ko‘ra, maxsus reys yo‘lovchilari karantin markazlari yoki o‘z tanlovlariga ko‘ra mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda bo‘lishadi. Ayni paytda yo‘lovchilarning salomatligi bilan bog‘liq muammo yo‘q.
Qayd etiliishcha, AQSHdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga Amerika qit’asidagi mamlakatlarda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolaridan jami 1 ming 881 ta murojaat kelib tushgan. Bugungacha ularning 1 ming 26 nafari Vatanga qaytarilgan.
31 iyul holatiga ko‘ra, yana 815 kishi O‘zbekistonga qaytish istagida. Keyingi charter reyslarda uyga qaytishni istagan yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirish ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumatining qarori bilan 16 martdan boshlab barcha xalqaro reyslar, shu jumladan Toshkent-Nyu-York-Toshkent yo‘nalishida muntazam yo‘lovchi qatnovlari to‘xtatilgan.
“Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi konsullik idoralari vatandoshlarimizdan pandemiya paytida yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘raydi. AQSH, Kanada va Amerika qit’asining boshqa shtatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga yashash uchun ruxsatnoma asosida va O‘zbekistonga safar qilishni rejalashtirganlarga safarni epidemiologik vaziyat normallashgunga qadar ortga surishlarini tavsiya qiladi. Agar buning iloji bo‘lmasa, fuqarolar AQSHdan O‘zbekistonga keyingi charter reyslar uchun shakllantirilayotgan yo‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchun elchixona yoki Bosh konsullikka murojaat qilishlari zarur”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi