AQSHdan deportatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklar charter reys bilan qaytariladi

Jamiyat

image

Ertaga, 30 aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali vatanga qaytariladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi migratsiya siyosati va fuqarolarni repatriatsiya qilish sohasida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikni faol ravishda kuchaytirmoqda. Bu jarayonda xorijda bo‘lgan o‘zbekistonliklarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida joriy yilning 30 aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etiladi.

“Mazkur repatriatsiya tashabbusi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, xalqaro me’yorlar, majburiyatlar va inson huquqlari doirasida amalga oshiriladi. Gap viza talablarini buzgan yoki AQSHda qonuniy qolish muddati tugagan fuqarolar haqida bormoqda. Repatriatsiya jarayoni insonparvarlik va huquqiy tamoyillar asosida tashkil etilib, fuqarolarning munosib va xavfsiz qaytishini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, charter reysni tashkil etish ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Barcha choralar repatriatsiya qilinayotgan fuqarolarning huquqlarini maksimal darajada hurmat qilgan holda, O‘zbekiston va AQSHning amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda ko‘rilmoqda.

“Mazkur qadam O‘zbekistonning migratsiya oqimlarini tartibga solish, xorijdagi fuqarolarining huquqiy himoyasini, ijtimoiy va huquqiy moslashuvini ta’minlash hamda ularning xavfsiz va insoniy sharoitlarda vataniga qaytishini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli siyosatining bir qismidir. O‘zbekiston o‘z migratsiya siyosatini rivojlantirishda davom etadi va fuqarolarini har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga intiladi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Kosta-Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan, lekin O‘zbekistonga qaytish niyatida bo‘lgan 7 nafar o‘zbekistonlik Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh o'zbekistonliklar charter reys deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing