Okean suvlari bo‘yicha to‘rtinchi bor rekord daraja qayd etildi
Olam
−
21 yanvar 2023
145922022 yilda dunyo okeanlari ketma-ket to‘rtinchi bor rekord darajadagi eng issiq haroratga ko‘tarildi. Bu haqda iqlimshunos olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga tayangan holda CNN nashri xabar berdi.
Olimlarning fikricha, issiq haroratdagi okean suvi uning kengayishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va toshqin bo‘lishiga olib keladi. NASA’ning yaqinda o‘tkazgan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, birgina AQSH qirg‘oqlaridagi okean suvlari taxminan 25 yil ichida bir metrgacha ko‘tarilishi mumkin.
“Dunyo bo‘ylab okeanlar sathi yildan-yilga tez sur’atlarda ko‘tarilmoqda. 2050 yilga kelib Fors ko‘rfazi qirg‘og‘ining taxminan 30 santimetrga ko‘tarilishi juda katta ko‘rsatkich. Bu holat bo‘ronlarning ko‘payishiga olib keladi”, deydi tadqiqotchilardan biri Deyv Xolland.
Shuningdek, olimlar tadqiqot davomida suv zichligi hamda okean sho‘rligini o‘rganib chiqdi. Tadqiqotchilar sho‘rlanish darajasi 2022 yilda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etganini aniqlagan.
Bundan tashqari, okean suvlari ham tabaqalanib, turli xil zichlikdagi qatlamlarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa kislorod ishlab chiqarishni qiyinlashtiradi. Shuningdek, okean suvining qatlamlanishi atmosferadan issiqlikni yutishiga olib keladi va bu global isishni yanada kuchaytiradi.
Okean suvlarining bu holatga kelishi bir qator muammolarga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, o‘tgan yil dunyo bo‘ylab 1880 yildan beri kuzatilgan eng issiq yillar qatoriga kirdi. Yevropa o‘tgan yozda 500 yil ichidagi eng katta qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. 2023 yilning ilk kunlari Yevropaning 8 ta davlati uchun eng issiq yanvar kunlari bo‘ldi.
Olimlarning ta’kidlashicha, odamlar tomonidan ekologiyaga munosabat o‘zgarmas ekan, bunday noxush raqamlar yildan-yilga ortib boraveradi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi