Oq uy G‘azoda genotsid sodir etilayotganiga ishonmaydi – Jeyk Sallivan
Olam
−
14 may
3609Vashington Isroilning G‘azodagi harakatlarida genotsid alomatlarini ko‘rmayapti. Bu haqda AQSH hukumatining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
"Biz Isroilning G‘azoda falastinliklarning o‘ldirilishini genotsid deb hisoblamaymiz. Shu paytgacha ham biz bunday da’volarni rad etib kelganmiz", degan Sallivan bu haqdagi ayblovlarga o‘z munosabatini bildirib.
U jurnalistlar bilan suhbatda ayni paytda AQSH HAMASning tezroq mag‘lub bo‘lishini ko‘rmoq istagida ekanini aytib o‘tgan.
Aytish joizki, Isroilning hujumlari oqibatida G‘azodagi 35 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ochlikdan azob chekayotgan falastinliklarga gumanitar yordamning yetib borishi to‘sib qo‘yilgan, muhim infratuzilmalar, jumladan, shifoxonalar butunlay vayron qilingan. Shunga qaramay, AQSH Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etyapti.
Jeyk Sallivanga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil yetakchisi Binyamin Netanyaxuga ta’sir o‘tkazishga uringan. Biroq mamlakat oliy rasmiylari Isroil suveren, demokratik davlat ekanligini ta’kidlab, pirovardida qarorni uning o‘zi qabul qilishi kerakligini talab qilishmoqda.
"Qo‘shma Shtatlar zudlik bilan otashkesim va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda. Ammo bunday bitim qachon va qayerda imzolanishi hozircha noma’lum", degan u.
LiveBarchasi