Ogohlantirishsiz tokni o‘chirgan “Elektroset”ni javobgarlikka tortish taklif etilmoqda

Jamiyat

image

Avariyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda elektr ta’minotini ogohlantirishsiz o‘chirgani uchun “Elektorset”ni javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 29 iyun kuni Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘tkazilgan moliyaviy, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida biznes ombudsman Dilmurod Qosimov ma’lum qildi.

Muloqotda qatnashgan IT sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkor Abduqahhor Toshmuhamedov yoz boshlanganidan beri har kuni tok o‘chishini aytgan.

“Sababi yoz boshlanganidan beri kuniga 3-4 soat tok o‘chadi. Tijoriy narxlarga o‘tildi, lekin hali ham ularning javobgarligi yo‘q. Har kuni bir vaqtda tok o‘chadi, bu tartibga solinishi kerak. Chet ellik hamkorlarimiz oldida (10 dan ziyod davlat bilan ishlaymiz) javobgarligimiz bor, “svet” o‘chib qolishida, internet o‘chib qolishida”, deydi tadbirkor.

Uning bu taklifiga javoban biznes ombudsman Dilmurod Qosimov bu muammo faqat IT sohasida emas, balki barcha biznes sohalarida borligini aytdi.

“Bu bo‘yicha haqiqatan “elektroset” ogohlantirmasdan o‘chirsa, javobgarlik masalasi borasida taklif ishlab chiqyapmiz. Lekin har kuni o‘chirilyapti, ba’zilarida nosozliklar bo‘lishi mumkin. Hech kim kafolat bermaydi. Lekin ogohlantirmasdan o‘chirsa yoki boshqa holatlarda ularning javobgarligi bo‘lishi kerak. Chunki sizlar tadbirkorsizlar, ishingiz to‘xtab qolishi mumkin. Javobgarlik masalasi bo‘yicha taklif ishlab chiqyapmiz”, degan biznes ombudsman.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyunda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 337-sonli qarori qabul qilingandi. Qaror bilan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Hujjat 2025 yil 1 aprelda kuchga kiradi. O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatda amal qiladi.

Aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy normasini qo‘llash hamda ular uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta’minlanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing