Chiqindidan qarzi borlarning “svet” uchun pul to‘lashi cheklanadi
Jamiyat
−
06 Oktabr
8634Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda aholi chiqindi pulini to‘lamagani uchun elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishni boshladi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish amaliyoti belgilangan.
Shuningdek, mazkur farmon asosida chiqindi bo‘yicha qarzdorlik haqida ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmagan iste’molchilarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yilning oktyabr oyidan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari”AJning 2100 qisqa raqami orqali mazkur ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
“Ayni paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilgandan so‘ng, qarzdorlikni bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish bo‘yicha ham texnik ishlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Chiqindi qarzdorligi uchun yuborilgan xabarnomalar bo‘yicha iste’molchilardan kelib chiqayotgan shikoyatlar bo‘yicha chiqindi yig‘ish va tashish xizmatlariga murojaat qilish so‘ralgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida xabar yuborayotganligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil 1 iyundan O‘zbekistonda chiqindi olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda iste’molchi elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmasligi xabar qilingandi. Bunda 2024 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun, 2024 yilning 1 noyabridan respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun, 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran esa respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni amalga oshirishda cheklovlar o‘rnatiladi.
LiveBarchasi