Chiqindidan qarzdor iste’molchilarning “svet”i uzib qo‘yilmaydi
Jamiyat
−
29 Oktabr
9842Ijtimoiy tarmoqlarda 1 noyabrdan chiqindi xizmati uchun qarzi bor iste’molchilar elektr energiyasidan uzilishi haqida xabarlar tarqaldi. "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ bunday xabarlarni rad etib, bunday uzilishlar amalga oshirilmasligini ma’lum qildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ chiqindi xizmati uchun qarzdor iste’molchilar elektr ta’minotidan uzilishi haqidagi xabarlar asossiz deya ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan chiqindi xizmatida qulaylik yaratish maqsadida yangi “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 31 oktyabrdan 5 noyabrgacha profilaktik ishlar olib boriladi.
Shu bilan birga, agentlik mazkur vaqt oralig‘ida chiqindi xizmati bo‘yicha to‘lovlar hamda shaxsiy ma’lumotlar o‘zgartirilishida vaqtinchalik texnik uzilishlar bo‘lishi mumkinligini xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 26 sentyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilgandi. Oldinroq esa 2024 yil 1 iyundan O‘zbekistonda chiqindi olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda iste’molchi elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmasligi xabar qilingandi. Bunda 2024 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun, 2024 yilning 1 noyabridan respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun, 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran esa respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni amalga oshirishda cheklovlar o‘rnatiladi.
LiveBarchasi