“Og‘anglara ishonma!” “Mehribon” Rossiya Yerevanni aldanib qolmaslikka chaqirdi 

Olam

image

Moskva Yerevanni G‘arbning va’dalariga ishonib, aldanib qolmaslikka chaqirdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Moskva 5 aprel kuni Bryusselda o‘tkazilgan "AQSH-Yevropa Ittifoqi-Armaniston" formatidagi uchrashuvni G‘arbning Janubiy Kavkazni geosiyosiy qarama-qarshilikka tortishga qaratilgan navbatdagi urinishi, deb baholagan. Hujjatda keltirilishicha, mintaqadan tashqi kuchlarning Janubiy Kavkaz ishlariga mas’uliyatsiz va buzg‘unchi aralashuvi barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hududda yangi bo‘linish chiziqlari paydo bo‘lishiga, shuningdek, keskinlikka sabab bo‘ladi. 

“G‘arb Armanistonni Janubiy Kavkazda o‘zining o‘ta xavfli rejalarini amalga oshirish vositasiga aylantirmoqchi ekanligi ko‘rinib turibdi. Biz bilamizki, Vashington va Bryussel yolg‘on va’dalari bilan Armanistonning KXSHT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibidan chiqishini, Rossiya harbiy bazasi va chegara qo‘shinlarini olib chiqib ketishini talab qilmoqda", deyiladi bayonotda. 

Moskva Armaniston rahbariyatini G‘arbning hiylalariga ishonib, mamlakatni noto‘g‘ri yo‘lga boshlamaslikka chaqirgan. 

“G‘arb, shuningdek, Armaniston-Ozarbayjon o‘rtasidagi normallashuvning fundamental asosini – Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlarining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan uch tomonlama kelishuvini yo‘q qilmoqchi. Aynan Vashington va Bryussel bosimi ostida rasmiy Yerevan muhim bitimlarning bajarilishini to‘xtatib qo‘ydi. O‘zaro transport blokadasini olib tashlash masalasida tomonlar o‘zaro maqbul yechimlarga yaqin edi. Moskva Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida uzoq kutilgan tinchlikka erishish uchun bajonidil yordam berayotgan edi”, deya ta’kidlagan Rossiya TIV. 

Rossiya "tashqi o‘yinchilarni o‘zaro kelishuvlarni hurmat qilish"ga chaqirib, Yerevanni yana bir bor ogohlantirgan. 

Ma’lumot uchun, fevral oyida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat KXSHTdagi ishtirokini amalda muzlatib qo‘yganini aytgan edi. U KXSHT Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroga munosabatini oydinlashtirmasa, Yerevan tashkilotni tark etishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 5 aprel kuni G‘arbning bir qator rasmiylari bilan muzokaralar olib borgani haqida xabar qilgandik.

 Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Moskva Erevan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing