Ofis xodimlariga qanday kasalliklar xavf soladi?
Salomatlik
−
09 Oktabr
6095Sir emas, bugun ko‘pchilik insonlar ish yoki o‘qish sababli asosiy vaqtini kompyuter qarshisida o‘tkazadi. Ularning nazdida tinch va osoyishta xonada xotirjam ishlash kasbiy xavf-xatarlardan xolidek tuyiladi. Biroq bunday sharoitda mehnat qilishning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Agar ulardan o‘z vaqtida himoyalanmasa, salomatlikda jiddiy o‘zgarishlar paydo bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, unda qanday qilib shu kabi kasalliklarning oldini olish mumkin? Bu kabi savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi javob berdi.
Aksariyat ofis xodimlari bosh og‘rig‘i, surunkali charchoq, ko‘z achishishi yoki qizarishi, bel va bo‘g‘im og‘riqlari, qorin dam bo‘lishi hamda oyoq uvushishi kabi muammolardan shikoyat qiladi. Ushbu holat zamonaviy tibbiyotda “ofis xodimi sindromi” deyiladi.
Albatta, bu muammo o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Xususan, xizmat taqozosi bilan bir joyda o‘tirib ishlaydigan kishilar kamharakat bo‘ladi. Jismoniy faollik sust bo‘lsa, tanada qon aylanishi me’yorda kechmaydi. Oqibatda insonda ortiqcha vazn va semizlik kelib chiqadi.
Shuningdek, harakatsiz holatda (ko‘pincha engashib o‘tirish) uzoq vaqt o‘tirilganda bo‘g‘imlar “qotib” qoladi. Qon yetib kelishi to‘liq bajarilmagani bois oyoq uvushadi. Shu bilan birga, mazkur holat bavosil tugunlarining hosil bo‘lishi, kichik tos a’zosi bezovtaliklari hamda vena qon tomirlarida varikoz kengayishiga olib keladi.
Bundan tashqari, uzoq vaqt bir joyda va kompyuter qarshisida o‘tirib ishlash tufayli organizmda yana bir muammo – quruq ko‘zlar sindromi paydo bo‘ladi. Oqibatda ko‘z ichi qizarishi (achishish, yoshlanish) holati ko‘p kuzatiladi.
Xo‘sh, bunday muammolardan xalos bo‘lish uchun qanday tavsiyalarga amal qilish zarur?
Avvalo, xonada stol, stul va kompyuterning to‘g‘ri joylashishiga e’tibor berish kerak. Bel va bo‘yin og‘riqlarining oldini olish uchun kompyuter monitorini ko‘zning tekisligida o‘rnatish va stulning belga yordam beruvchi orqasi bo‘lishiga ahamiyat berish lozim.
Har bir ofis xodimi ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilishi maqsadga muvofiq. Bu paytda bir necha marotaba o‘tirib, turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat mili bo‘ylab aylantirish, lift o‘rniga zinadan foydalanish tavsiya etiladi.
Bel og‘riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig‘iga maxsus ortopedik yostiq o‘rnatish maqsadga muvofiq. Hatto, bunday yostiqlar bavosil bilan og‘rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.
Har ikki soatda bo‘yin mushaklari uchun mashq bajarilishi, bo‘yin osteoxondrozi profilaktikasi hisoblanadi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og‘riq, uvushish kuzatilganida bunday mashqlar g‘oyat foydali.
Ofis xodimlarida tizza bo‘g‘imlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda ko‘p qolib ketishi oqibatida uning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Oqibatda artroz-bo‘g‘im kasalligi kelib chiqadi. Shu bois oyoqlar holatini almashtirib turish, o‘tirgan holda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib o‘tirish va chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak.
Kompyuterga uzoq vaqt qarash ko‘zlar charchashiga olib kelishi sababli ularni o‘ng, chap, tepa va pastga harakatlantirish, tez-tez yumib, ochish juda foydali. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirmaslik, har 20 daqiqada 20 soniya 6 metr masofaga qarash ko‘zlar charchashining oldini oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qarish jarayonini sekinlashtirish uchun qanday ovqatlanish kerakligi haqida ma’lumotlar berilgandi.
LiveBarchasi