Odil sudlovda Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz – senator
Jamiyat
−
02 iyun 4083 2 daqiqa
Senator Abdurahim Erkayev aholida sud-huquq tizimiga ishonch so‘nib borayotgani, orqaga ketish borligini aytib, O‘zbekiston jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksida pastlaganini ma’lum qildi. Bu haqda u 29 may kuni Senat 7-yalpi majlisida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakat jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksida 5 pog‘onaga pastlab, 83-o‘rinni egallagan. Senator xalqaro reytinglardagi bu pasayishning sabablarini sanar ekan, haligacha korrupsiya holatlarining mavjudligini bildirdi.
“Jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha besh pog‘onaga pastlab, 83-o‘rinni egallab turibmiz. Besh pog‘onaga pastladik. Besh pog‘ona ko‘tarilganimizda boshqa gap edi. Endi xuddi shu indeksning tarkibiga kiruvchi fuqarolik odil sudloviga erishish darajasining yuqoriligi subindikatorida mamlakatimiz o‘rni o‘tgan yilda 10 pog‘onaga pasaydi va 96-o‘rindan 106-o‘ringa chiqdik. Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz.
Bu holat nizolarni hal qilishda odil sudlovga erishish qiyinligi, sud tizimiga ishonchning susayib borayotgani, murojaatlarni ko‘rib chiqishda adolat va xolislik prinsiplari aholi tomonidan sezilmayotganidan dalolat beradi. Ko‘p holatlarda sud qarorlarining ijrosi kechiktiriladi yoki bajarilmaydi”, degan senator.
Erkayev mazkur indikatorlarni hisoblashda aholi o‘rtasida ham har xil so‘rovlar o‘tkazilishini ta’kidlab, sud-huquq tizimining ayrim sohalariga odamlarning ishonchi pasayib borayotganini aytgan.
“Keyingi yillardagi sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarimizning natijasi qani? Natijasi yo‘q. Yaxshi emas, orqaga ketish bor. Kim ishlayotgan bo‘lsa ijobiy natijalari bor. Salbiy natija qayd etilgan joylarda ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”, deya ta’kidlab o‘tgan senator o‘z chiqishida.
Live
Barchasi