Chiqinda muammosini ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Bugungi kunda O‘zbekistonda odamlar hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qolgan. Bu haqda bugun, 2 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan.

Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi.

Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu masalada OAV orqali hamda mahallalarda bong urilmayotganini tanqid qilib, mahalla faollari, nuroniylar va jamoatchilik tomoshabin bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

“Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas. 

Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz”, degan Prezident Mirziyoyev.

U so‘zda davom etib, kelajak avlodga munosib tabiiy muhit qoldirish muhim ekanini, buning uchun ekologik madaniyatni oshirish zarurligini qo‘shimcha qildi.

“Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak. 

Bu nima degani? Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani. 

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo‘lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

“Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin.

Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda, “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarimizni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”, deydi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

182

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing