Odamlarni katta pulga chuv tushirgan AIF platformasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
03 Sentabr
13494Xorazm viloyatida, ayniqsa, ommalashgan AIF platformasining faoliyati o‘rganildi va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, bugun, 3 sentyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga bir guruh fuqarolar tomonidan qilingan murojaatga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi AIF platformasining faoliyati o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida ushbu platforma ayni paytda o‘z faoliyatini noma’lum sababga ko‘ra to‘xtatgani va murojaat qiluvchi shaxslarga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (Pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, jinoiy hodisani va jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, shuningdek, tergov jarayonini tez va sifatli amalga oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali tergovchilaridan iborat tergov guruhi tuzildi.
“Hozirda tergov guruhi tomonidan mazkur jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga kirishilgan. Shu bois, ushbu platforma oqibatida moddiy zarar ko‘rgan shaxslardan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Murojaat uchun telefon: 62 224-56-81; 62 224-56-85”, deyiladi xabarda.