Odamlardan islom diniga oid noyob kitoblarni sotib olish tartibi belgilandi
Jamiyat
−
02 aprel 2019
7009Jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlarni xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.
Mazkur nizom 4 bodan iborat bo‘lib, 16 moddani o‘z ichiga oladi.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondini jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlar hisobiga boyitish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 483-son Qarorining 3-bandiga muvofiq Markazda tashkil etilgan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Noyob asarlarni izlab topish, tanlash, baholash va xarid qilish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 483-sonli qaroriga hamda ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
Noyob asarlarni izlab topish va aniqlash Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz tomonidan aniqlangan noyob asarlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 483-sonli qarorining 4-bandiga jismoniy va yuridik shaxslardan ularda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qo‘lyozma asarlarni xarid qilish, shuningdek ularni baholash maqsadida Markazda tuzilgan sohaga oid malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhiga o‘rganish, belgilangan me’yorlarga asosan ularning noyobligini aniqlash va baholash hamda yakuniy xulosa olish uchun taqdim etiladi.
Ekspertlar guruhi aniqlangan noyob asarlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, ularni belgilangan me’yorlarga muvofiq baholaydi hamda noyob hujjatlar egasi bilan xarid qilish shartnomasi va narxi bo‘yicha muzokara olib boradi.
Baholash komissiyasi tomonidan taklif etilgan narxga noyob asar egasi rozi bo‘lmasa, mazkur noyob asarning narxini Markaz va Ekspertlar guruhi noyob asar egasi bilan kelishgan holda oshirish mumkin.
Muzokara chog‘ida noyob asarlarni xarid qilish bo‘yicha narx yechimi Ekspertlar guruhi zimmasiga yuklanadi.
Tomonlarning yakuniy kelishuvidan kelib chiqib, Ekspertlar guruhi va noyob asarlarning egasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga muvofiq dastlabki shartnoma tuziladi.
Dastlabki shartnomada noyob asarlar egasining majburiyatlari, ya’ni noyob asarlarni boshqa shaxslarga hadya qilmasligi, sotmasligi va ayirboshlamasligi to‘g‘risidagi bandlar kiritilishi zarur.
Ekspertlar guruhining majlislarini o‘tkazish uchun kvorum uning tarkibining 70 foizini tashkil etishi kerak. Ekspertlar guruhining barcha majlislari va qabul qilingan qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Ko‘rilayotgan masala bo‘yicha qaror Ekspertlar guruhi a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovoz berishi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan holda Ekspertlar guruhi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Ekspertlar guruhi noyob asarlar bo‘yicha o‘tkazilgan majlislar qarorlari, tuzilgan dastlabki shartnomalar va xulosalarni Maxsus jamg‘arma rahbari – Markaz direktoriga taqdim qiladi.
Noyob asarlarni xarid qilish bo‘yicha ekspertlar guruhi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Markaz direktori ko‘rib chiqadi va shundan so‘ng moliyalashtiradi.
Mazkur nizomning to‘liq matni bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida tanishishingiz mumkin.
LiveBarchasi