Odamlar karantin qoidalarini unutib qo‘ydi! – Turdimov jiddiy murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
04 may 2020
11457Karantin qoidalarini yumshatildi degani ularga zid harakat qilish kerak degani emas. Bu haqda bugun, 4 may kuni Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyat aholisiga murojaati davomida ta’kidlab o‘tdi.
"Samarqand viloyating barcha aholisiga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli, samarqandliklar! Hozirda karantinni yumshatish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Ammo kecha va oldingi kun bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, odamlar karantin qoidalarini unutib qo‘ydi. Unutib qo‘ydi! Karantin qoidalarining yumshatilishi karantinga xilof ravishda harakat qilish mumkin degani emas. Dushanba kuni holatida koronavirusga chalinganlar soni (Samarqandda) 115 nafarga yetdi.
Bu esa oldimizda katta xavf turibdi degani. Kasallik ko‘paymoqda. Qayerlarda? Toyloq tumani, Samarqand shahri, Loyish shaharchasi va unga tutash hududlarda, Chelak shaharchasi va unga tutash hududlarda vaziyat yaxshi emas. Shuning uchun, bu joylarda karantin qoidalariga jiddiy rioya qilinishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, birinchi iltimosim shuki, karantin qoidalariga rioya qiling, oraliq masofani saqlang. Ruxsat beribdi deb mashinaning ichiga 5-6 nafarlab odamni mindirib kira qilib yurishibdi. Mumkin emas axir, ertaga sharmanda bo‘lasiz. Mashinaga ikki kishidan ko‘p odam bo‘lmasligi kerak.
Ko‘pchilikda niqob ham esdan chiqa boshladi. Hurmatli, samarqandliklar! Karantin qoidalariga jiddiy rioya qilishimiz kerak. Davlatimiz karantinni yumshatish haqida bosh qotirmoqda. Agar biz karantinga amal qilmasak, choralar yana jiddiylashishi mumkin. Bunga sababchi bo‘lib qolmaylik. O‘zimizni, ota-onalarimiz va farzandlarimizni o‘zimiz asrashimiz kerak", deydi Turdimov o‘z murojaatida.
Eslatib otamiz, murojaat davomida ta’kidlangan Toyloq hududi kuchli nazoratda bo‘lib turibdi. Joriy yilning 24 aprel kuni tumanga kirish chiqish cheklangani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi