Odamlar gaz ballonlari bilan qachon to‘liq ta’minlanadi? Gaz bilan-chi?

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar ahvoli bo‘yicha axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob qaytarish uchun quyi palataga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev taklif etildi, deya xabar berdi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.

Vazir axborotida qayd etilishicha, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi hamda aholi uchun belgilangan narxlar bo‘yicha iste’mol qiluvchi ijtimoiy soha ob’ektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bu borada hozirgi kunga qadar qator ishlar amalga oshirilgan. Ayni paytda respublika bo‘yicha jami 3,3 millionta suyultirilgan gaz abonenti bo‘lib, gaz ta’minoti korxonalari tomonidan jami 3,4 million dona maishiy gaz balloni yetkazib berilgan. Bundan tashqari, aholining shaxsiy 1,1 million dona gaz balloni bor. Ya’ni, abonentlar soniga nisbatan ta’minlanganlik darajasi 137 foizni tashkil etadi. Qolaversa, shu yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2,1 millionta ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

2019 yilda suyultirilgan gaz manbalari va taqsimoti balansiga ko‘ra, joriy yilda 806,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan 474,7 tonnasi yoki o‘tgan yilga nisbatan 60,7 ming tonna ko‘prog‘i aholining maishiy ehtiyojlari uchun yetkazib berilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qarorida suyultirilgan gaz asosan aholining o‘sib borayotgan maishiy ehtiyojlarini qoplash uchun yo‘naltirilishi belgilanganini inobatga olib, suyultirilgan gazni birjada sotish miqdori yildan-yilga kamaytirilib borilmoqda.

Deputatlar vazirga bu boradagi masalalar, aholini qiynab kelayotgan aniq muammolar xususida savollar bilan murojaat etdi. Ayniqsa, parlament vakillarining e’tiroziga sabab bo‘lgan masala – tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, gaz ballonlari standartlari va ularning to‘lovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘raldi.

Aholi ko‘tarayotgan muammolarga ko‘ra, 20 kilogrammli maishiy gaz ballonlariga ko‘p hollarda me’yordagidan kam quyilmoqda. Yoki gaz olish uchun kelgan aholi vakillarining bank plastik kartasi orqali to‘lovni amalga oshira olmasligi noqulaylik keltirib chiqarayotganiga doir faktlar ham bor.

Vazir deputatlar savollariga javob qaytarar ekan, bunday salbiy holatlar uchrab turganini, bu masalada vazirlik tomonidan jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilayotganini qayd etdi. O‘z navbatida, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, nazorat qiluvchi va boshqa mutasaddilar mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilish yakunida aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz oliy majlis suyultirilgan gaz ballon

Baholaganlar

75

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing