Odamlar asosan saratonning qaysi turidan o‘layotgani ochiqlandi
Salomatlik
−
01 fevral
8350Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo bo‘ylab saraton kasalligiga chalinish 2022 yildagidek yiliga 20 million yangi holatdan 2050 yilga kelib 35 milliongacha o‘sishini kutmoqda. Ushbu hisob-kitoblar JSST tizimining bir qismi bo‘lgan Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi tomonidan taqdim etilgan. Ularning e’lon qilinishi 4 fevralda nishonlanadigan Butunjahon saraton kasalligiga qarshi kurash kuniga to‘g‘ri keladi.
“Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligining 2022 yilda mamlakatlarda mavjud bo‘lgan eng yaxshi ma’lumot manbalariga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, saraton kasalligi ortib borayotgan yuk, kam ta’minlangan aholiga nomutanosib ta’sir ko‘rsatmoqda va butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligi bo‘yicha tengsizliklarni bartaraf etish zaruriyatini ko‘rsatmoqda”, deydi JSST.
Ushbu hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda 20 million yangi saraton kasalligi va 9,7 million o‘lim holati qayd etilgan. Shu bilan birga, tashxis qo‘yilgandan keyin 5 yil tirik qolganlar soni 53,5 million kishini tashkil etgan.
Ma’lum qilinishicha, taxminan har besh kishidan biri hayoti davomida saraton kasalligiga chalinadi va har 9 erkakdan biri va har 12 ayoldan biri kasallikdan vafot etadi.
Mutaxassislar 2050 yilda 35 milliondan ortiq yangi saraton kasalligini bashorat qilmoqdalar, bu 2022 yilga nisbatan 77 foizga ko‘pdir. JSSTning ta’kidlashicha, tez o‘sib borayotgan global saraton yuki ham aholining qarishi, ham o‘sishi va odamlarning xavf omillari ta’siridagi o‘zgarishlarni aks ettiradi. Tamaki, alkogol, semirib ketish va havoning ifloslanishi kasallanishning o‘sishida asosiy omillar sifatida belgilangan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, saratonning yangi holatlarining uchdan ikki qismi saratonning 10 turida uchraydi. 2022 yilda o‘pka saratoni dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan saraton bo‘ldi (2,5 million yoki barcha yangi holatlarning 12,4 foizi). Ikkinchi o‘rinda ayollarda ko‘krak saratoni (2,3 million holat, 11,6 foiz), ikkinchi o‘rinda yo‘g‘on ichak saratoni (1,9 million, 9,6 foiz), prostata saratoni (1,5 million, 7,3 foiz) va oshqozon saratoni (970 ming, 4,9 foiz) turadi.
O‘pka saratoni saraton bilan bog‘liq o‘limlarning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda (1,8 million o‘lim, 18,7%). Undan keyingi o‘rinlarda yo‘g‘on ichak saratoni (900 ming, 9,3 foiz), jigar saratoni (760 ming, 7,8 foiz), ko‘krak saratoni (670 ming, 6,9 foiz) va oshqozon saratoni (660 ming, 6,8 foiz) turadi. 2022 yilda ayollarda saratonning eng ko‘p tashxis qo‘yilgan turi va saraton kasalligidan o‘limning asosiy sababi ko‘krak saratoni, erkaklarda esa o‘pka saratoni bo‘lgan.