Odamlar 2,5 million oylikka qanday yashayapti?
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
228561 dekabrdan oyliklar va pensiyalarning oshirilishi haqidagi xushxabar hammani xursand qildi. Afsuski, oradan bir necha kun o‘tib, bozordagi narx-navolarning ham oshishini, kamiga jarimalarning ko‘tarilishini ham eshitdik. Xo‘sh, o‘zi bugungi kunda odamlar qancha oylik oladi? Topgan pulini ro‘zg‘oridan orttira oladimi? O‘zbekiston sharoitida bir oy yashash uchun qancha pul topish kerak? QALAMPIR.UZ shu kabi savollar bilan odamlarga yuzlandi.
Bir oy yaxshi yashash uchun qancha mablag‘ topish kerakligini har kim har xil chamaladi. Ko‘pchilik, topayotgan 2-3 million so‘mlik maoshi ro‘zg‘origa yetayotganini aytdi.
“Bir oyda nasib bo‘lsa, 3-4 million topaman. Ro‘zg‘orga, dam olishga ishlataman. O‘zbekistonda eng kamida 5-6 million bo‘lsa, ro‘zg‘orga, “svet”ga, gazga, yaxshi kiyinishga, yaxshi yashashga yetadi”, deydi aholidan biri.
Boshqa bir respondent esa beriladigan pensiya bir oylik yeb-ichish xarajatlari uchun ham yetmasligini qat’iy ta’kidladi.
“Men pensionerman. 1 millionga yashasa bo‘ladimi? Sizga shu savol. Yaxshi yashash uchun pensioner kamida 3 million olishi kerak. Hozir boylar bor, kambag‘allar bor. O‘rta qatlam qolmadi. Kimdir borib har kuni kamida yuz ming so‘mga ovqatlanadi. Men, masalan, kuniga 25 mingga bitta sho‘rva va 3 mingga yarimta non olaman. Kuniga xarajatlarim uchun kamida 30 ming so‘m kerak . Mening holatim-ku nisbatan yaxshi. Men ishlayapman. Boshqalar qanday yashayapti?” deydi u.
Boshqa bir aholi vakili esa “Qancha pulga yaxshi yashasa bo‘ladi?” degan savolga quyidagicha javob berdi:
“2,5 million emasda, aniq bilaman. Hech bo‘lmaganda 10-12 million so‘m olish kerak. Aholining 20 foizi yetarli darajada oylik olyapti. 50 foizi biznes bilan shug‘ullanyapti, qolgan 30 foizi esa och qolib ketmaslik uchun o‘lganining kunidan ishlayapti. 5 million so‘m ish haqi olsangiz, kasal bo‘lishga haqqingiz yo‘q. Biron joyga borib o‘tira olmaysiz. Kiyim-kechakni qarab kiyasiz: kamida 5 yil kiyishingiz kerak. Yaxshi-yomon kunga orttirib qo‘yishni esdan chiqarsa ham bo‘ladi. Mashina haydashni televizorda ko‘rib o‘tiraverasiz”, deydi u.
Respondentlarning orasida tanqidiy gaplari OAVda chiqishiga ishonmaganlar ham topildi.
Natijalarga ko‘ra, aholining katta qismi o‘rtacha 5-6 millionga yaxshi yashasa bo‘ladi, deb hisoblaydi. Ular orasida, shuningdek, bunday sharoit uchun oyiga 15-20 million kerak, deb o‘ylaydiganlari ham bor. Afsuski, odamlarning hammasi ham maoshining miqdori haqidagi savollarga aniq javob berishni istamadi.
Aholi orasida 500 ming so‘m pensiyaga kun ko‘radiganlari ham, 1 oyda 15 millionni naqd qilib qo‘yadiganlari ham bor. Kimdir topgan pulini bazo‘r yetkazyapti, yana kimdir hayotidan rozi. Siz-chi? Bir oyda qancha pul topasiz? Bu oila tebratishga yetadimi? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting!
LiveBarchasi