Ochlik e’lon qilgan Saakashvilining sudda tobi qochdi
Olam
−
20 aprel 2022
5908Gruziyaning qamoqdagi sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili o‘z ishi bo‘yicha sud majlisida besh daqiqadan so‘ng nutqini to‘xtatdi va shifokordan yordam so‘radi. Shundan so‘ng uni sud zalidan olib chiqishdi.
“Sudga yig‘ilganlar bilan salomlashmoqchiman. Agar iloji bo‘lsa, menga shifokor yordami kerak”, degan Saakashvili va huquq-tartibot xodimlaridan o‘rnidan turishga yordam berishni so‘ragan.
Siyosatchi bir necha bor unga tibbiy yordam ko‘rsatilishini talab qilgan. Gruziya Ombudsmani Nino Lomjariyaning ta’kidlashicha, ochlik e’lon qilish natijasida shifokorlar Saakashvilida nevrologik kasallik — Vernike ensefalopatiyasini aniqlagan.
Bugun, 20 aprel kuni Tbilisi shahar sudida sobiq Prezidentning chegarani noqonuniy kesib o‘tish ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Qayd etilishicha, Saakashvili sud jarayonida Gruziyadagi hokimiyatni o‘zgartirish rejasini taqdim etishni rejalashtirgan.
Mixail Saakashvili 2021 yil 1 oktyabrda birinchi marta ochlik e’lon qilgan. 50 kun davom etgan ochlikdan so‘ng 20 noyabrda uni to‘xtatishga rozi bo‘lgan. Joriy yilning 21 fevral kuni u ikkinchi marta ochlik e’lon qilgan.
Saakashvili o‘tgan yilning 1 oktyabrida Gruziyada qo‘lga olingan. Prokuraturaning ma’lum qilishicha, sobiq Prezident mamlakatga sut mahsulotlari bilan kelgan.
Hozir siyosatchi Rustavi qamoqxonasida. Siyosatchi bankir Sandro Girgvliani o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi bo‘yicha ishlar doirasida sirtdan sudlangan. Birinchi holatda Saakashvili uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, u 2007 yil 7 noyabrdagi muxolifat mitingini tarqatish, “Imedi” telekompaniyasidagi talonchilik va davlat byudjeti mablag‘larini o‘g‘irlash ishlari bo‘yicha ayblanuvchi, ular hali ham sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.