“Ochiq turizm mavsumi”. Blogerlarga O‘zbekistonga kelishi uchun bepul turpaket beriladi
Jamiyat
−
18 mart 2454 2 daqiqa
Joriy yil aprel-iyun oylari “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” deb e’lon qilinadi va ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 ta xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelishi uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni Narpay tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Prezident turizm sohasidagi vazifalarni belgilab bergan. Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik holatida O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha katta kampaniya boshlanishi ta’kidlangan.
Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr bo‘lgan aprel-iyun oylari bo‘yicha alohida dastur tayyorlanib, “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi. Ushbu muddat davomida aviakompaniyalarga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim qilinadi.
Yig‘ilishda mahalliy turoperatorlar uchun ham yangiliklar e’lon qilingan. Xususan, 1 apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy davomida jalb qilingan 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 ta xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelishi uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Dunyodagi eng yirik onlayn sayyohlik platformalarida O‘zbekistonga sayohat targ‘iboti bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi.
Joriy yilning o‘zida dunyoga mashhur bo‘lgan kamida 5 ta san’atkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes forumi va moda festivalini Samarqandda o‘tkazish muhim ekani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar o‘tkazadigan xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, 2028 yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressida hozirning o‘zida yuzdan ortiq davlatdan 10 mingga yaqin odam ishtirok etish istagini bildirgan.
Mutasaddilarga mazkur yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar bilan ishlab, maxsus dastur ishlab chiqish topshirilgan. Bu imkoniyatlar hisobiga Samarqandga yil yakunigacha 6 million turist olib kelish maqsadi belgilab olingan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust