Ochiqlik prinsipini buzgan mansabdorlarga jazo belgilanyapti
Jamiyat
−
19 yanvar 2022
7096O‘zbekistonda davlat organlarining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan mansabdorlarni 810 ming so‘mdan 1,3 mln so‘mgacha ma’muriy jarimaga tortish taklif qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shunday taklifni nazarda tutgan qonunni ishlab chiqdi.
Kecha, 18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 215-7-modda hamda 245-10-modda bilan to‘ldirilmoqda.
Xususan, taklif etilayotgan 215-7-moddada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan Ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, kodeksning 245-10-moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolatiga egaligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan jazo choralari quyidagicha:
1-qismi bo‘yicha: mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so‘mdan 1,3 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima;
2-qismi bo‘yicha: (xuddi shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa) mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,3 mln. so‘mdan 2,7 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima.
Ma’lumot uchun, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Biroq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilganidan so‘ng, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
LiveBarchasi