Ob-havoni bahona qilmasdan, chidamli mahsulotlar yetishtirish zarur – Prezident
Jamiyat
−
30 iyul 8488 2 daqiqa
O‘zbekistonda soha mas’ullari ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarur. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Davlat rahbari so‘nggi uch yilda 250 ming gektar paxta va g‘alla yeri oziq-ovqat yetishtirishga berilgani, 160 ming gektarda yangi bog‘ va tokzor barpo etilgani, eskirgan 107 ming gektari yangilangani, 1 milliard dollarlik 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, 100 ming tonna saqlash, 70 ming tonna quritish, 46 ming tonna saralash va qadoqlash quvvatlari yaratilgan.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Shu oyda O‘zbekiston Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashi a’zoligiga saylandi.
“Bu milliy va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish, yangi loyihalarga mablag‘ jalb qilishda biz uchun katta imkoniyat”, deydi Prezident.
Davlat rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, “anomal issiq” va “anomal sovuq” degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga e’tibor qaratdi.
Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakatimiz uchun o‘ta muhimligi, kerak bo‘lsa, bu – iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois soha mas’ullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
O‘tgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.
Shu bilan birga, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportining sur’ati bo‘yicha qolgan hududlardan ortda qolayapti. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham chiqa olmadi.
Ushbu hududlar va ularga hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarini faollashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi