OAVda Afg‘oniston Prezidenti iste’foga chiqish arizasini yozgani aytilmoqda
Olam
−
14 avgust 2021
12654Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani iste’foga chiqish arizasini yozdi. Ushbu ariza istalgan vaqt ommaga e’lon qilinishi mumkin. Bu haqda “Sputnik” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda bir qator jurnalistlar Ashraf G‘anining iste’fo berish haqida ariza yozganini xabar qilgan. O‘z navbatida, Afg‘oniston Prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamidullo Mohib ushbu axborotni tasdiqlamagan.
Qayd etilishicha, Prezidentning iste’fosiga faqat vitse-prezident Amrullo Solih qarshi. Uning Tojikistonga qochishi haqidagi mish-mishlar ham o‘z tasdig‘ini topmagan.
Ayni paytda, boshqa bir nashrning xabar berishicha, Prezident G‘ani yana bir soat ichida chiqish qiladi va mamlakatdagi vaziyatga izoh beradi.
So‘nggi paytlarda Afg‘onistondagi vaziyat yanada keskinlashdi. “Tolibon” Afg‘onistondagi bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni, jumladan mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri — Qandahor, G‘azni va Hirotni egallab oldi. OAVda esa mamlakat Prezidenti Ashraf G‘anining Afg‘onistonni tark etishi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi