OAV mustaqilligi bo‘yicha Prezident qarori, Imonning Usmonovaga javobi, Putin va Tramp uchrashuvi va kunning muhim xabarlari sharhi
Jamiyat
−
28 iyun 2019
6140Toshkent mexanika zavodi hududida yana 16 ta korxona ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 iyun kuni Yashnobod tumanidagi Toshkent mexanika zavodiga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari mazkur texnoparkda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident korxonalar barqaror ishlashi uchun doimiy xaridor kerakligini, chet ellardagi zavodlar bilan kelishib, ularga zarur mahsulot va ehtiyot qismlarni tayyorlab berish mumkinligini ta’kidladi. Yana yangi loyihalar ishlab chiqish, ularni aholining ishga talabi va mavjud resurslardan kelib chiqib, oqilona joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Usmonovaning murojaatidan keyin Poziljonov ham “tavba qildi”
Kecha, 27 iyun kuni Yulduz Usmonova o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida sahifasiga Gulnora Karimova haqida post qoldirgandi.
Bu murojaatdan keyin bir qator san’atkorlar, jumladan, bir necha kun oldin “opa”sini sog‘ingani haqida o‘z ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirgan Jahongir Poziljonov ham uzr so‘rab, Yulduz Usmonova tomon bo‘lib oldi.
“Assalomu alaykum Yulduz Usmonova! Men bilmagan narsalar bor ekan. O‘zim uchun tegishli xulosa chiqardim, maslahatingiz uchun rahmat. Men xalqimni yaxshi ko‘raman va umrimning oxirigacha xizmat qilaman”, deb yozdi Poziljonov Usmonovaning murojaati ostiga.
Bizga qo‘shiqchilar emas, ilm fidoyilari kerak - Xayriddin Sultonov.
Bugun, 28 iyun kuni Islom taraqqiyoti markazida Xalqaro Press-klubning navbatdagi anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov savol-javoblarda ishtirok etdi.
Xayriddin Sultonov Islom taraqqiyoti markazi va unda ishlaydigan kadrlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Islom taraqqiyoti markazida bugun ishlaydigan kadrlar bormi?! Biz ularni tarbiyalashimiz kerak. Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqiy yetuk, ilm fidoiylari markazi bo‘lishi lozim. Ilm mashaqqatlariga haqiqatan tayyor bo‘lgan fidoyi yoshlarni ko‘paytirishimiz kerak. Bir, ikki qo‘shiq aytib yulduz bo‘lishga ishqiboz yoshlarimiz ko‘p. Ammo bizga hech narsa bermaydi ular. Bizga ilmga qiziquvchan yoshlar kerak, ularni tarbiyalashimiz lozim. Islom taraqqiyot markazi O‘zbekistonning yangi rennesans davrini boshlab beradi”, dedi Xayriddin Sultonov.
O‘zbekistonning tashqi qarzi 20 mlrd dollarga yaqinlashdi.
2019 yilning birinchi choragiga ko‘ra, O‘zbekistonning jami tashqi qarzi miqdori 19,6 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan hisobotda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 7,9 mlrd dollar miqdoridagi qarzi xususiy tashqi qarzga tegishli bo‘lsa, 11,7 mlrd dollar davlat tashqi qarziga to‘g‘ri kelmoqda.
Uzoq kutilgan voqelik: Putin va Tramp uchrashuvi boshlandi.
Bugun, 28 iyun kuni Yaponiyaning Osaka shahrida G20 ning navbatdagi sammiti o‘z ishini boshladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin sammit oldidan AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida, Tramp Putin bilan muhokama qilinadigan masalalar ro‘yxatini ochiqlab o‘tdi. "Bugungi muhokamamiz savdo, qurollanish masalalari va yana bir qator muammolarni qamrab oladi", deb aytib o‘tdi AQSH Prezidenti.
Vladimir Putin muzokaralardan oldin, ushbu uchrashuvni Xelsinkida boshlangan munozaralarni davom ettirish uchun yaxshi imkoniyat deb atadi. "Biz Xelsinkidagi uchrashuvdan so‘ng boshqa ko‘rishmadik. Bugungi uchrashuvda muzokaralarni davom ettirish uchun xodimlarimiz bizga yaxshi imkoniyat yaratib bera oldi", deya ta’kidladi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Imon Yulduz Usmonovaga onasining ko‘ylaklarini kiyib chiqqanini eslatib qo‘ydi.
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani o‘g‘rilikda ayblagani, xizmatini qilib pulini ololmay yurganlarini eslab, uni qo‘llab-quvvatlayotgan san’atkorlarni yaxshilab o‘ylab olishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.
Xonandaning videomurojaatidan keyin Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova Yulduz Usmonovaga maktubi yo‘lladi.
“...O‘tgan yili “Xalqlar do‘stligi” saroyida bergan konsertingizda onamning “Guli” kolleksiyasidan libos so‘rab, olib turgan edingiz va ushbu libosda sahnaga chiqqaningizdan ham faxrlanamiz.
Shuningdek, biz sizdan shaxsan onam uchun yozib va kuylagan taniqli “Gulisan” qo‘shig‘ingiz uchun ham rahmat deymiz.
Lekin biz hozir ochiqchasiga, shaffoflarcha tan olib aytamizki, siz xalqimizning eng g‘ururli san’atkorisiz va sizdan boshqalar o‘rnak oladi. Sizga Alloh barcha qilgan yaxshiliklaringizga yarasha ajrini bersin”, degan Imon Karimova.
Mirziyoyev OAV mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qarorni qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27 iyun kuni “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
Matbuot kotiblari Agentlik yoki uning hududiy bo‘linmalari xulosasini hisobga olgan holda lavozimga tayinlanadi;
Qora qamishda yongan kafe yarim soat deganda o‘chirildi.
Kecha, 27 iyun kuni kechasi Toshkent shahar Olmazor tumani Qora qamish dahasida joylashgan "Shabboda" milliy taomlar kafesida yong‘in chiqdi. Yong‘in soat 20:41da kelib chiqqan. O‘t ketishi oqibatida kafening ichki va tom qismi 350 kv metr maydoni yongan.
Yong‘in o‘chirish jangovar bo‘linmalari chaqirilgan manzilga soat 20:49da yetib borgan va ko‘rilgan tezkor chora va harakatlar natijasida yong‘in soat 21:08 qurshab olinib, soat 21:18da o‘chirilgan. Yong‘in joyiga 8 ta yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.
Yong‘inda insonlarni halok bo‘lish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi. Yong‘inda gaz balloni bo‘lgan Cobalt avtomobili portlagan.
LiveBarchasi