Nursulton Ro‘ziboyev nimadan norozi? (video)
Sport
−
29 dekabr 2023
13868Bir necha kun oldin Toshkent shahrida O‘zbekiston Pankration va greppling assotsiatsiyasi tomonidan mamlakat chempionati bahslari o‘tkazildi. Kecha, 28 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevning musobaqa tashkilotchilaridan norozi ekanligini aks ettiruvchi videolar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, musobaqa finalida hakam tomonidan Ro‘ziboyevning shogirdiga nisbatan adolatsiz qaror chiqarilgan.
Final jangida Ro‘ziboyevning shogirdi Azizbek Ne’matov raqibining jigariga zarba berib, uni nokdaun holatiga tushirib qo‘ygan. Biroq hakamlar zarba sportchining urish mumkin bo‘lmagan a’zosiga tegdi deb o‘ylab, bahsni davom ettirishga ruxsat bergan. Jang oxirida esa Azizbek Ne’matov mag‘lubiyatga uchragan.
“Musobaqa rahbarlari va hakamlar eplay olsanglar turnirni jonli efirda ko‘rsatinglar, yo‘qsa bunaqa musobaqa qilib o‘tirmanglar. UFC'da ham jangchi nokdaun bo‘lganidan keyin hech bo‘lmasa o‘ngacha sanaydi. G‘irromlik bo‘laversa yosh jangchilarni sportdan ko‘ngli soviydi. Hakamlar sal erkak bo‘linglar. Pankration va greppling assotsiatsiyasi rahbarlari eplasanglar jonli efir qilinglar. Shuncha bola shu musobaqa uchun tayyorgarlik ko‘rgan, biroq ikki “axlat” hakamning adolatsiz qarori bilan yig‘lab uyiga qaytadi va boshqa sport bilan shug‘ullangisi ham kelmaydi”, deydi Ro‘ziboyev.
Qayd etilishicha, Ro‘ziboyevning shogirdi va uning raqibi o‘rtasidagi final jangini yosh va hali uncha katta tajribaga ega bo‘lmagan hakam boshqargan.