Nursulton Nazarboyevning ahvoli haqida ma’lumot berildi
Olam
−
18 iyun 2020
15530Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligini nafaqat kasallanish va o‘lim holatlari, balki Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevning virusga chalinganida ham ko‘rish mumkin. Xabaringiz bor, bugun uning koronavirusga chalingani rasman xabar qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay Nazarboyevning matbuot kotibi uning ahvolini ochiqladi.
Matbuot kotibining so‘zlariga qaraganda, Elboshi joriy oy boshidan bir qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan, rasmiylarni qabul qilgan. Bundan tashqari, Nazarboyev mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu bergan. Televizion suhbatni tashkil etish, tasvirga olish jarayonlarida esa 40 dan ortiq kishi ishtirok etgan. Ular orasida xorij fuqarolari ham bo‘lgan. Ushbu tashkiliy ishlarda ishtirok etganlar esa kasallik tashuvchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan ehtimollar yo‘q emas.
“Umuman olganda, Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning salomatligi tibbiy xizmat nazoratida turibdi. Vahima va xavotirga o‘rin yo‘q. Elboshi zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishlashni davom ettirmoqda”, deydi Nazarboyevning vakili.
Tasdiqlangan protokolga ko‘ra, Nazarboyev bilan boshqa shaxslarning aloqa qilishi cheklangan. Ammo uning ishtirokida o‘tishi rejalashtirilgan tadbirlar bekor qilinmaydi, aksincha, Nazarboyev ularda videokonferensaloqa orqali qatnashishi mumkin.
Matbuot kotibi o‘z so‘zida davlatning birinchi rahbari sog‘ligi tiklanishini tilab ko‘plab fuqarolardan nomalar kelayotganini alohida urg‘uladi.
Ma’lumot o‘rnida, Nursulton Nazarboyev joriy yilning 6 iyul kuni 80 yoshni qarshilaydi. U Markaziy Osiyoda muhim o‘rin tutuvchi Qozog‘istonni 28 yil boshqarib, o‘z o‘rnini Qosim-Jomart To‘qayevga bo‘shatib berdi va mamlakada yangi lavozim joriy etilib, Elboshi bo‘ldi.