Nursulton Nazarboyevga haykal o‘rnatildi

Olam

image

Nur-Sulton shahrida joylashgan Milliy mudofaa universitetiga Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning haykali o‘rnatildi. Haykalning ochilish marosimida videokonferensaloqa orqali mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham ishtirok etdi. 

To‘qayev o‘z nutqida Nursulton Nazarboyev mustaqil Qozog‘istonning strategik rivojlanish yo‘lini belgilab bergan va umumiy maqsadga erishish yo‘lida xalqni birlashtirgan zamonaviy davlat asoschisi ekanini ta’kidlagan.  

“Tinchlik va barqarorlik, farovonlik va birdamlik Elboshi siyosatining natijasidir. Har bir davlat tarixida o‘chmas iz qoldirgan noyob shaxslar mavjud. Yosh avlodning vazifasi ularning mehnatini qadrlash va hurmat qilishdir”, degan Prezident.  

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yodgorlik aynan Milliy mudofaa universitetiga o‘rnatilishi chuqur ramziy ahamiyatga ega. Chunki Qozog‘iston Qurolli kuchlariga Birinchi Prezident Nazarboyev farmoni bilan asos solingan. Ta’kidlanishicha, Elboshi har doim mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan. Zamonaviy qurol-aslahalarni sotib olish, ichki mudofaa sanoatining salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, naqd pul va yuqori pensiyalar tayinlash. Qayd etilishicha, eng qiyin paytlarda ham davlat ushbu muammolarni muvaffaqiyatli hal qilib kelgan. 

“Mustaqillik debochasida Nursulton Abishevich Nazarboyev harbiy qurilishning eng murakkab muammolarini hal qilishda shaxsan ishtirok etdi. Uning rahbarligi ostida armiyaning istiqbollari va vazifalari, xalqni va mamlakatni potensial harbiy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan milliy xavfsizlikni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari aniqlandi. Uning prezidentligi davrida harbiy rivojlanishning qonunchilik va me’yoriy asoslari ishlab chiqilgan. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va tarkibi ham shakllantirildi, armiyani bosqichma-bosqich qayta jihozlash ta’minlandi, zamonaviy infratuzilma yaratildi”, deydi To‘qayev. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev joriy yilning 6 iyul kuni 80 yoshni qarshilaydi. Bugungacha Olma-ota, To‘ldig‘o‘rg‘on (Qozog‘iston)da, Turkiya, Gagauziya va Qirg‘izistonda Nursulton Nazarboyevning haykallari o‘rnatilgan. 

Nazarboyev 2019 yilning mart oyida Prezidentlikdan iste’fo berdi. U Elboshi o‘laroq davlat ishlarida faol. Vakolatlariga ko‘ra, u Davlat xavfsizlik kengashi raisi sanaladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing