Nursulton Nazarboyev sudda yutqazdi

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Ar-Bedel” jamoat fondi marafonchi Marat Jilanboyevning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bo‘yicha ishida mag‘lub bo‘ldi. Bu haqda ORDA.KZ xabar bermoqda.  

Ta’kidlanishicha, “Ar-Bedel” jamoat fondi fuqarolik sudiga taniqli marafonchi Marat Jilanboyevni ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi da’vo arizasi kiritgan. Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, sportchining postlari Nursulton Nazarboyevning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirgan. 

“Ish “Ar-Bedel” jamoat fondining kelajakda zarar yetkazish xavfi — Fuqarolik kodeksining 918-moddasi bo‘yicha da’vosiga asoslandi. Fond poytaxt sudiga Marat Jilanboyevni Facebook’dagi postlarni o‘chirish majburiyatini yuklash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritdi”, degan marafonchining advokatlaridan biri Bauirjan Azanov. 

Da’vo arizasiga ko‘ra, Marat Jilanboyev “inson qadr-qimmati va ijtimoiy ma’naviyatini kamsituvchi, jamiyat, davlat va Qozog‘istonning Birinchi Prezidentiga ochiqdan-ochiq hurmatsizlikni ifodalovchi, tuhmat qiluvchi ma’lumotlarni tarqatish bo‘yicha noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan”. 

Advokatga ko‘ra, fuqarolik ishi tugatilgan. 

“Marat Jilanboyevning o‘zi Facebook’dagi sahifasidan biror narsani o‘chirishdan qat’iyan bosh tortdi, bu haqda u sudda aytdi”, degan advokat. 

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda tashkil etilgan Jamoat fondi o‘z faoliyati davomida amaldagi hukumatni yoki bevosita birinchi Prezidentni tanqid qilganlarga qarshi da’volar bilan sudga murojaat qilgan. Ijtimoiy faollar jamg‘armani hokimiyat tanqidchilarini ta’qib qilish turlaridan biri deb atashadi.

Nazarboyev atrofida nimalar sodir bo‘lyapti? 

18 yanvar kuni xalqqa videomurojaat bilan chiqqan Nazarboyev Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlarida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon ilk marotaba ommaga ko‘rinish berdi. Nazarboyevning videomurojaati uning You Tube’dagi Matbuot xizmati rasmiy kanalida e’lon qilingan.

Murojaatda sobiq prezident "Men 2019 yili o‘z vakolatlarimni Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirganman. O‘shandan beri pensioner hisoblanaman. Ayni damda Qozog‘iston poytaxtida dam olyapman va hech qayerga ketganim yo‘q", deya bildirgan.

U yana butun qozoq xalqini hozirgi tahlikali vaziyatda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashishga chaqirgan.

Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach, Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi. 

Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlandi.

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident videomurojaat yo‘llashdan boshqa, hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.

Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi. 

Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.

17 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nazarboev

Baholaganlar

178

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing