Sodiq Safoyev: “Ilgari xavfsizlik, tashqi siyosat ijro hokimiyatining mutlaq vakolati edi”
Jamiyat
−
18 fevral 2020
4569Avvalroq, Toshkentda “O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimlik vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlagani haqida xabar bergan edik.
Konferensiyada Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev nutq so‘zlab, parlamentning ijro hokimiyatiga ta’sirini orttirish va aholini qiynayotgan muammolarga vakillik organida yechim topishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.
“Davlat boshqaruvida aholining keng ishtirokini ta’minlash maqsadida “Mening fikrim” portali ishga tushirildi. Mamlakat byudjetini shakllanishi va ijrosida shaffoflikni ta’minlash uchun OpenBudget informatsion portali ta’sis etildi. Ammo jamiyatimiz oldida turgan strategik maqsad: “Zamonaviy barqaror rivojlanib borayotgan ijtimoiy bozor iqtisodiga asoslangan demokratik-huquqiy davlat qurish” parlamentning tutgan o‘rni va ta’sirini yanada oshirishni talab etadi”, deydi senator Safoyev.
U so‘zida davom etib, davlat hokimiyatining aholi oldida hisobdorligini oshirish kerakligini aytib o‘tdi.
“Xalqaro tajriba shuni yaqqol ko‘rsatadiki, jamiyat iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun zamonaviy siyosiy tuzilmalar, qonun ustuvorligi zarur. Zamonamiz uchun nihoyatda muhim yana bir masala: davlat hokimiyatining aholi oldida javobgarligi va uning faoliyatining shaffofligidir. Bunga erishish esa birinchi navbatda xalq vakillari faoliyati bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida hukumat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy ishonchni shakllantirish omilidir. Busiz esa ushbu islohotlarni o‘tkazib bo‘lmaydi”, deb fikr bildirdi Sodiq Safoyev.
Senator nutqi davomida mamlakatda qonun ijodkorligi sohasida yangicha yondashuv qo‘llash payti kelganini ta’kidladi.
“Oldimizda turgan dolzarb va murakkab vazifa qonun ijodkorligi sohasidagi ishni butunlay yangicha tashkil etishdan iborat. Asosiy e’tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratish kerak. Qonunlar qabul qilish va yaratishda sohaviy mutaxassis yetarli bilimga ega bo‘lishi kerak. Yetuk ekspertlar fikriga tayanish lozim. Senatda rais tashabbusi bilan har bir qo‘mita qoshida ekspertlar kengashi tashkil etilyapti.
Parlamentning analitik salohiyatini mustahkamlash eng dolzarb masaladan biri bo‘lib, bu borada biz BMT rivojlanish dasturiga texnikaviy ko‘mak berayotgani uchun minnatdorlik bildiramiz”, deydi Safoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir qonun qabul qilinayotganda uning ijrosini ta’minlovchi mexanizm aniq belgilanishi kerak. Shuningdek, qo‘shimcha qonunosti hujjatlarisiz ishlovchi qonunlarni ishlab chiqish vaqti kelgan.
“Har bir qonunni qabul qilishda uni kelgusida ishlashini ta’minlaydigan mexanizm haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz lozim. Menimcha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish amaliyotini keng joriy qilish vaqti keldi. Bugungi kunda parlament nazorati o‘z e’tiborini qaratmaydigan soha qolmadi. Ilgari xavfsizlik, tashqi siyosat ijro hokimiyatining mutlaq vakolati edi. Bugungi kunda parlament ishtirokisiz bu sohalardagi faoliyat samarali bo‘lishi mumkin emas, degan yondashuv isbot talab qilmaydigan aksioma sifatida qabul qilinyapti”, deydi senator.
U aholi dalvat hokimitiga nisbatan talabchan bo‘lib borayotganini qayd etib, endilikda parlament soliq to‘lovchilarning pullari qayerga ketayotganini qattiq nazorat qilishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Bugungi kunda davlat boshqaruv tizimi ilgarigia nisbatan ancha murakkablashmoqda. Aholi tobora axborotga ega bo‘lib, hukumatga nisbatan talabchan bo‘lyapti. Hokimiyat nafaqat davlat boshqaruv tizimi, balki fuqarolar va biznesga xizmat ko‘rsatish markazi sifatida ko‘rilmoqda. Parlament nazoratining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu – byudjet, ya’ni soliq to‘lovchilarning mablag‘larini to‘g‘ri sarflash borasidagi javobgarlikni ta’minlashdir.
Oldimizda turgan nisbatan yangi vazifalardan biri bu, shu yildan boshlanadi desak bo‘ladi, mansabdorlarning lavozimga tayinlash jarayonida nafaqat ishtirok etish, ularning faoliyatiga baho berish bilan bog‘liq. Parlament nazorati natijalari asosida faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan rahbarlarning lavozimda qolish yoki qolmaslik masalasini ko‘rib chiqish vakillik organi mavqe’yini yangi pog‘onaga ko‘tarish omili bo‘lishi muqarrar”, deb ta’kidladi Safoyev davlatni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qiyoslab.
Shuningdek, aholini qiynayotgan muammolarni parlament usullari bilan hal etishning samarali tizimini yaratish lozimligi ta’kidlandi.
“Ayniqsa, bu borada Senatning BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha qabul qilingan indikatorlarga e’tibor qaratish kerak”, dedi Sodiq Safoyev.
LiveBarchasi