Nurmuhammedovda ilk mag‘lubiyat, Maxachevdan tezkor finish
Sport
−
19 yanvar
1114119 yanvar tongida AQSHning Los-Anjeles shahrida yilning ilk raqamli turniri UFC 311 bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada yengil va eng yengil vazn toifasida chempionlar nomi aniq bo‘ldi. Shuningdek, Irji Proxazka Jamal Xilni nokautga uchratdi. O‘zbekistonlik jangchi Bogdan Guskov raqibini ikkinchi raundda “uxlatib qo‘ydi”.
TOPlar qatoriga intilayotgan Bogdan Guskov
Turnir prelim kardida yarim og‘ir vazn toifasi vakillari o‘zbekistonlik jangchi Bogdan Guskov oktagonda amerikalik Billi Elekanoga qarshi chiqdi. Dastlabki raundda Guskov raqibini bo‘g‘ib qo‘ydi, Elekano taslim bo‘lganini bildirdi. Ammo hakam raund tugashi bilan jangchilarni ajratdi. Shunga qaramay, ruhiy ustunlikka erishgan Bogdan raqib tomon zarbalar “yomg‘iri”ni yog‘dira boshladi. Elekano qarshilik ko‘rsatmadi va Guskov bo‘yinni ushlab, uni bo‘g‘ib qo‘yaqoldi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik sportchi promoushenda o‘zining nimalarga qodir ekanini namoyish etishda davom etdi. Albatta, Jonni Uoker Elekanodan ko‘ra jiddiyroq raqib edi, chunki Uoker Top-10 reytingda joylashgan. Voqealar rivojini kuzatamiz, Dana Uayt Guskovga endi qaysi jangchini berar ekan?
O‘zining praym davriga qaytayotgan Proxazka
Turnir asosiy kardida yarim og‘ir vazn toifasining ikki sobiq chempionlari chexiyalik Irji Proxazka va amerikalik Jamal Xill oktagonga ko‘tarildi. Birinchi va ikkinchi raundda har ikki tomon jangni nazorat qilishga tushdi va Proxazka Xilldan ko‘ra faolroq ishladi. Uchinchi raundda esa Irji o‘sha faollikni nokautga o‘zgartira oldi. Ya’ni Irji ketma-ket zarbalardan keyin Xillni yiqitdi, ammo Jamal o‘rnidan turdi. Lekin Proxazka bosimni davom ettirib, jangni o‘z foydasiga hal qildi. Bunday yirik g‘alabadan keyin chexiyalik jangchi yana bir bor chempionlik jangiga munosib ekanligini isbotladi.
Shu jang boshlanishidan avval, Dana Uayt 8 mart kungi UFC 313 turnirida yarim og‘ir vazn toifasi chempioni Aleks Pereyra birinchi raqamli da’vogar Magomed Ankalayevga qarshi kamarini himoya qilishini ma’lum qildi. Ushbu jang g‘olibi katta ehtimol Irji Proxazkaga qarshi jang qiladi.
Umar Nurmuhammedov faoliyatidagi ilk mag‘lubiyat
Turnirning “co main event”ida eng yengil vazn toifasi chempioni Merab Dvalishvili da’vogarlik jangigacha yetib kelgan Umar Nurmuhammedovga qarshi kamarini himoya qildi. Besh raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi va gruziyalik jangchi Merab Dvalishvili ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi. Birinchi va ikkinchi raundni Umar faollik ko‘rsatdi va raundlarni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Ammo faollikni davom ettirolmadi. Bundan esa Merab unumli foydalandi va 3-4-5-raundlarda ham tik turgan holatda, ham parterda Umarni ancha qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shuning hisobiga Dvalishvili jangni o‘z foydasiga hal qildi. Jangdan oldin rostdan ham Umar chempionlik jangiga loyiq va tayyormi, degan savol ko‘pchilikni qiynab kelgandi va bugun shu savolga javob topildi. Merabgacha bo‘lgan raqiblar orasida deyarli reytingdagi jangchilar yo‘q edi. Birgina Kori Sendxagenni ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etib, bu yergacha yetib kelgandi. Merab esa tajribali ekanligini yana bir bor isbotladi. Jangni nazorat qildi, kardio bo‘yicha mukammalligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi va 5-raundda ham faol bosim bilan raqibiga zarba yo‘llashga yo‘l bermadi. Jangdan keyin Umar birinchi raundda qo‘lini sindirib olganini ko‘rsatdi. Ammo bu mag‘lubiyatga sabab, deya ko‘rsatilmaydi. Shu tariqa, Merab Dvalishvili ilk kamar himoya jangida g‘alaba qozonib, chempionlikni saqlab qoldi. Umar esa faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini shu tarzda qabul qilib oldi.
Maxachevdan tezkor finish!
Turnirning markaziy jangida yengil vazn toifasi chempioni Islom Maxachev kutilmaganda da’vogarga aylangan Renato Moykanoga qarshi oktagonga chiqdi. Jang boshidanoq Moykano nokaut ovlashga kirishdi. Bir marta Maxachevni muvozanatdan chiqarishga ulgurdi, ammo Islom tezda o‘ziga keldi. U jangni parterga o‘tkazdi va qisqa vaqt ichida raqibning bo‘ynidan bo‘g‘ib, jangni birinchi raunddayoq yakunladi. Shu tariqa, Maxachev xotirjam kamarini himoya qildi va turnirga yig‘ilganlarga o‘zining shu yerda ekanligini eslatib qo‘ydi.
Albatta, Arman Sarukyan bunaqa tez taslim bo‘lmasdi, deydiganlar bor. Bir tomondan to‘g‘ridir, chunki Sarukyan kurash borasida Maxachevga yaxshigina qarshilik ko‘rsata olardi. Buni u birinchi jangda ham isbotlab qo‘ygan. Ammo Arman jarohat sabab jangda ishtirok etolmadi va Dana Uayt Maxachevga raqib qilib Moykanoni berdi. Renatoni ham hurmat qilish kerak, chunki u juda qisqa vaqt ichida chempionlik jangini qabul qildi.
Jangdan keyingi matbuot anjumanida Dana Uayt Arman Sarukyan endi yana bir bor da’vogarlik jangida ishtirok etishini ma’lum qildi. Shuningdek, yengil vazn toifasi yetakchilaridan biri Jastin Getji 8 mart kuni Den Xukerga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Xullas, bu toifa nazorati hali-hamon dog‘istonlik chempion Islom Maxachevning qo‘lida qolmoqda.