Nukusda 2 ta ma’muriy markaz tashkil etiladi
Jamiyat
−
10:26
2351Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida ikkita ma’muriy markaz tashkil qilinadi. Bu haqda joriy yilning 13 dekabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Nukus shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, Nukus shahrini kompleks rivojlantirish, qurilish ishlarini rejalashtirish, ularning sifati va darajasini oshirish, shaharning me’moriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsad qilingan. Qaror bilan shaharning bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda. 2040 yilgacha Nukus shahri Nukus tumani hududi hisobiga 876 gektarga kengayishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, aholi soni 312,4 ming nafardan 400 ming kishiga oshadi, shahar maydoni 13,4 ming gektar yetadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari soni ikki baravar ko‘payadi va 20,8 mingtani tashkil etadi, shifoxonalardagi joylar 3,3 mingdan 9,9 mingtagacha oshadi. Maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari 437 tadan 2,8 mingta ish o‘rinlariga ko‘payadi. Magistral ko‘chalarning umumiy uzunligi 278 kilometrni tashkil etadi (hozirda 90 kilometr).
Yangi bosh rejaga muvofiq, shaharda ikkita ma’muriy markaz tashkil qilinadi. Birinchi ma’muriy markaz — shaharning bugungi kundagi ma’muriy markazi hisoblanib, Islom Karimov, Amir Temur va M.Jumanazarov ko‘chalari kesishmalari hisoblanadi. Ushbu markaz saqlab qolinadi. Unda joylashgan Savitskiy muzeyi, Xotira maydoni, mehmonxonalar, ІT-park, istirohat bog‘i va boshqa ma’muriy va xo‘jalik binolarini qurish va qayta ta’mirlash, eski bino va inshootlar o‘rniga yangi va zamonaviy ko‘p qavatli binolar joylashtirish taklifi kiritilgan.
Kam qavatli uy-joylar o‘rniga ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy massivlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Ye.Alako‘z, M.Jumanazarov, A.Dosnazarov ko‘chalari bo‘yida ko‘p qavatli uylarni joylashtirish belgilangan. Bosh rejada ushbu uylarning birinchi qavatlarida aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish taklif etiladi.
Piyodalar yo‘laklari, dam olish maydonchalari, yashil maydonlarni tashkil qilish, yagona tizim orqali bog‘lash hamda aholiga qulay sharoit yaratish rejalashtirilgan. Shaharning mavjud va qo‘shilayotgan hududlaridan oqilona foydalanish, har bir massivning ma’muriy markazlarida zamonaviy bino-inshootlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri o‘ziga xos me’moriy-madaniy uslubini inobatga olingan holda, aholining turmush tarzini qulaylashtirish orqali aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashga erishiladi.
Ikkinchi ma’muriy markaz – shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi Nukus tumaniga chiqadigan ko‘chalar va loyihaviy ko‘chalar kesishmasida joylashtiriladi. Nukus city’ning ushbu markazlari kichik va o‘rta biznesni, bank filiallari, turarjoy va jamoat binolarining biznesni boshqarish bilan bog‘liq ob’ektlarni birlashtiradi va 7 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan ob’ektlar barpo etiladi.
Har bir tashkil etilayotgan turarjoy massivi (mahalla, kichik tuman) aholiga xizmatlar ko‘rsatish majmuasi bilan ta’minlangan. Har bir mitti tumanda xizmat ko‘rsatish me’yorlari va unda yashaydigan aholi sonini hisobga olgan holda maktablar, bolalar bog‘chalari, mahalla guzarlari, kichik maydonchalar, yashil maydonlar va xiyobonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ma’muriy va hududiy markazlarga olib boruvchi yo‘llar yoqasidagi binolar o‘rniga zamonaviy loyihalar asosida bosqichma-bosqich qayta qurish ishlari amalga oshiriladi va natijada shaharning ko‘rinishi yanada yaxshilanib, ko‘chalar obod bo‘lishi hamda aholi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga erishiladi.
Turarjoy hududlari. Nukus shahrining loyihaviy chegarasi shimolda Nukus tumani hamda "Dustlik” kanali o‘zani bo‘ylab, sharqda kichik halqa yo‘ligacha, g‘arbda Amudaryogacha va janub tomondan sanoat hududlarigacha belgilangan. Sharqiy va janubiy yo‘nalishlar qumlar bilan o‘ralganligi sababli yangi turarjoy massivlari asosan shimoli-g‘arbiy tomonda joylashadi. Shaharga qo‘shilayotgan hududlar 876,0 gektar, hisobot davrlarida bu ko‘rsatkich 13 383,0 gektarga yetadi. Ko‘chalarda transport qatnovini yaxshilash uchun kengaytirish, ko‘cha yuzidagi yakka tartibdagi uy-joylar o‘rniga renovatsiya dasturi doirasida zamonaviy va ko‘p qavatli uy-joy massivlari joylashtiriladi.
LiveBarchasi