Nukus voqealarining yana bir sudlanuvchisi aybni Tajimuratovga ag‘dardi
Jamiyat
−
30 noyabr 2022
13108Xabaringiz bor, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Bugun, 30 noyabr kuni sud tergovi davomida so‘roq qilingan sudlanuvchi Arislan Temirxanov xalqdan kechirim so‘rab, xalq tinchligi buzilishiga Tajimuratov va Kallixonova sababchiligini, shularga ergashib jinoyat sodir qilganligini, o‘zi 15 yildan beri “Ustyurtgeofizika” korxonasida ishlab kelayotganligini, yaqinda o‘z uy-joyga ega bo‘lib, oilasi bilan ko‘chib o‘tganligini, adashganligini, pushaymonligini va aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi.
Bundan tashqari, sudlanuvchi Nurlan Nayipov o‘z ko‘rsatmalarida aybiga to‘liq iqrorligini ma’lum qildi. U muqaddam ichki ishlar tizimida ishlab, nafaqaga chiqa olmaganini, agar Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlasa, uning nafaqaga chiqishiga yordam berishiga umid qilganini aytib o‘tdi.
Sudlanuvning so‘zlariga ko‘ra, u yaqinda 55 yoshni qarshilaydi, 4 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi bor, ular “otam qachon keladi” deb uyda “ko‘zi to‘rt bo‘lib” kutib o‘tiribdi. Ayblanuvchi adashganini, Dauletmurat Tajimuratovga ishonib qolganligini aytib, chin ko‘ngildan pushaymonligini ma’lum qildi.
Bundan oldin tartibsizliklarda ishtirok etgan Azamat Turdanov Dauletmurat Tajimuratovni "firibgar" va "jinoyatchi" deb atagandi. “Makan” internet-nashrining sobiq ma’muri Lolagul Kallixonova Dauletmurat Tajimuratovning Nukus shahrida miting o‘tkazish haqida Jo‘qorg‘i Kenges raisi nomiga ariza qoldirgani haqidagi xabariga aldanib, uning ushbu gaplariga ishonib qolgani, uning aldoviga uchganini aytib, aybiga to‘la iqror bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, Nukusdagi voqealar bo‘yicha sud jarayoni joriy yilning 28 noyabr kuni boshlandi. Ish doirasida 22 kishi sudlanmoqda. Ayblanuvchilarning barchasi o‘z aybiga qisman yoki to‘liq iqror bo‘ldi.
LiveBarchasi