Nukus voqealariga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud qarori qachon e’lon qilinishi aytildi
Jamiyat
−
28 yanvar 2023
6328Joriy yilning 31 yanvar kuni Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi yakuni bo‘yicha sud qarori e’lon qilinadi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
“2023 yil 31 yanvar kuni soat 10:00 da Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha sud qarori e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 yanvar kuni Buxoro viloyat sudida Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgandi. Sudda ommaviy tartibsizliklar tashkilotchisi Dauletmurat Tajimuratovga 18 yil, Lolagul Kallixanovaga 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi so‘ralgandi.
Ma’lumot uchun,2022 yilning 28 noyabr kuni 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga doir jinoyat ishi yuzasidan Buxoro viloyat sudida sud jarayoni boshlangandi.
Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev, D. Jiyemuratov, B. Kadirbergenov, B. Seytniyazov, A. Toqimbetov, Q. Seytimov, A. Nuratdinov, S. Medetov, N. Nayipov, P. Shamshetov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, B. Genjebayev, S. Kalilayev, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va A. Adilbekov Jinoyat kodeksining 28,104, 104, 159, 164, 167, 227, 243, 244, 244-1, 247 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
20 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga “uy qamog‘i” va 1 nafariga “jamoa kafilligi” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.