Noyabr boshida O‘zbekistonda aholi sinov tariqasida onlayn ro‘yxatga olinadi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2021
65602023 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2021 yil 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisini keng ko‘lamli ro‘yxatga olish tadbirlari oldidan joriy yilning 1-5 noyabr kunlari Internet orqali aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Onlayn ro‘yxatga olishda census.stat.uz havolasi orqali O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha fuqarolar ixtiyoriy qatnashishi mumkin.
“Onlayn ro‘yxatga olish natijalari e’lon qilinmaydi. Ro‘yxatga olish davomida fuqarolar savollarga javob berib, ma’lumotlarini kiritishi bilan bir qatorda o‘z e’tiroz va takliflarini ham yozib qoldirishi mumkin”, deyiladi xabarda.
• joriy yilning 1-5 noyabr kunlari - Internet orqali aholi ro‘yxatga olinadi (bunda yaratilgan maxsus dastur orqali sinov hududida yashaydigan istalgan fuqaro o‘zi mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi);
• 6-10 noyabr kunlari - internet orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxati shakllantiriladi;
• 11-22 noyabr kunlari - ro‘yxatga oluvchilar uyma-uy yurgan holda aholini ro‘yxatga oladi;
• 23-25 noyabr kunlari - har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida qayta o‘rganiladi.
Bunda agar respondent (aholi) yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamasa, ro‘yxatga olish uchastkasidan ro‘yxatdan o‘tishi uchun imkoniyat yaratiladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar oshkor etilmaydi va maxfiyligi kafolatlanadi.