Norvegiyalik biatlon yulduzi 27 yoshida vafot etdi

Sport

image

Norvegiyalik biatlonchi, uch karra Yevropa chempioni Sivert Guttorm Bakken Italiyaning Lavaze shahridagi mehmonxona xonasida o‘lik holda topildi. Bu haqda VG nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 27 yoshli sportchining o‘limi sababi hozircha noma’lum. Xalqaro biatlon ittifoqi (IBU) ham sportchining vafot etgani Italiya rasmiylari tomonidan tasdiqlanganini bildirdi.

“IBU Sivert Bakkenning to‘satdan vafot etgani haqidagi fojiali xabardan chuqur larzaga tushdi va qayg‘uda”, deydi tashkilot prezidenti Olle Dalin.

Bakken 2022 yilda Oslodagi Xolmenkollen trassasida bo‘lib o‘tgan 15 kilometr masofadagi ommaviy startda o‘zining ilk Jahon kubogi poygasida g‘alaba qozongan edi.

2021-2022 yillardagi muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng, uning faoliyati yurak bilan bog‘liq muammolar sabab vaqtincha to‘xtab qolgandi. Shunga qaramay, so‘nggi haftalarda u Norvegiya terma jamoasi safida Jahon kubogi musobaqalarida yana ishtirok etayotgandi va mavsumdagi umumiy reytingda 13-o‘rinni egallab turgan edi.

Ma’lumot uchun, Bakken 2021 yilda aralash estafetada va 2025 yilda sprint va estafetada Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2020 yilda Minskda bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatida ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan va faoliyati davomida to‘rtta Jahon kubogi musobaqalarida g‘olib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya terma jamoasining sobiq bosh ustozi Oge Xareyde miya saratoni bilan qisqa muddatli kurashdan so‘ng 72 yoshida vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

vafot etdi Norvegiya biatlon Sivert Guttorm Bakken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing