Norvegiya qiroli kasalxonaga yotqizildi

Olam

image

Norvegiya qiroli Harald V tanasida suyuqlik to‘planishi sababli kasalxonaga yotqizildi va 2 hafta muddatga kasallik ta’tiliga chiqdi. Bu haqda mamlakat Qirollik saroyi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 89 yoshli qirol kam uchraydigan qon kasalligi – gemolitik anemiyadan davolanmoqda. U yo‘qligida taxt vorisi shahzoda Hokon qirollik vazifalarini bajaradi.

Saroy ma’muriyati 2024 yil aprel oyida Harald V yoshi kattalashib borayotgani sababli rasmiy tadbirlarini doimiy ravishda qisqartirishini ma’lum qilgan edi. 1991 yil yanvaridan beri taxtda bo‘lgan Harald V Yevropada eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan monarxlardan biri hisoblanadi. Qirol taxtdan voz kechishni qat’iy rad etib kelmoqda.

Harald V joriy yilning fevral oyida Ispaniyaning Tenerife orolida infeksiya va suyuqlik yo‘qotishi sababli kasalxonaga yotqizilgan. 2024 yilda esa Malayziyada ta’til paytida betob bo‘lib, yurak stimulyatori o‘rnatish uchun shifoxonaga olib ketilgan.

Saroy, shuningdek, qirolicha Sonya ham joriy yil may oyida yurak bilan bog‘liq muammolar sababli tekshiruv va kuzatuv uchun kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan.

Qirollik va Epshteyn mojarosi

Qirollik oilasidagi salomatlik bilan bog‘liq muammolar Norvegiya saroyi uchun beqaror davrdan keyin yuzaga keldi. Taxt vorisi shahzoda Hokonning rafiqasi malika Mette-Marit mart oyida milliy telekanalga bergan intervyusida amerikalik jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bilan hech qachon tanishmagan bo‘lishni istashini aytgan.

Malika 2011-2014 yillar oralig‘ida Epshteyn bilan yuzlab elektron maktublar almashganini va uning Floridadagi uyida mehmon bo‘lganini ma’lum qilgan. U Epshteynning o‘tmishi va faoliyatini yetarlicha sinchiklab o‘rganmagani uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, malikaning bu bayonotidan 3 oy o‘tib, iyun oyida Mette-Maritning avvalgi turmushidan bo‘lgan o‘g‘li Marius Borg Hyoybi ikki alohida zo‘rlash ayblovi bo‘yicha aybdor deb topilib, to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing