Norvegiya FA rahbari Infantinoni iste’foga chaqirdi

Sport

image

Norvegiya futbol assotsiatsiyasi prezidenti Lise Klaveness FIFA prezidenti Janni Infantinoni o‘z lavozimini tark etishga chaqirdi. Bu haqda Klaveness NRK nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz undan iste’foga chiqishni so‘raymiz. U bu qarorni darhol qabul qilishi kerak. Orqaga yo‘l yo‘q”, deydi Klaveness.

Avvalroq, Janni Infantino Jahon chempionatiga oid ayrim tijorat huquqlarini xususiy investorlarga sotishni nazarda tutuvchi FIFA Forward Enterprise loyihasini ilgari surgan edi. Biroq futbol jamoatchiligi tomonidan keskin tanqidlardan so‘ng u ushbu tashabbusdan voz kechdi.

Shundan keyin Marokashda Infantino va FIFA rahbariyati ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazildi. Tashkilot, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun o‘z a’zolaridan rasman uzr so‘radi.

Loyihaga ko‘ra, FIFA erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarning tijorat va media huquqlarini boshqaradigan alohida kompaniya tashkil etmoqchi edi. Infantinoning fikricha, bu tashabbus FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalar daromadini oshirish va jahon futboli rivojiga hissa qo‘shishi kerak edi. FIFA ushbu sxema orqali 4,2 milliard dollar jalb qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Biroq tashabbus futbol mutasaddilari, milliy federatsiyalar va qator tashkilotlar tomonidan qattiq tanqid qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, FIFA’ning sobiq prezidenti Zepp Blatter Lise Klavenessni FIFA prezidentligiga munosib nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing