Norboyeva TIV xodimi polshalik jurnalist ayolga tegajog‘lik qilganiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad qilgani bu ham yetmaganidek, vazirlik xodimi unga tegajog‘lik qilganini aytib chiqqandi. U shuningdek, o‘ziga nisbatan bosim bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan.

Mazkur holat yuzasidan TIV hamon hech bir munosabat bildirmadi. Ammo Oliy Majlis Senati raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi rahbari Tanzila Norboyeva polshalik jurnalist bilan yuz bergan holatga munosabat bildirdi.

“Jurnalist Agneshka Pikulichka bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat. O‘zbekiston inson sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishning har qanday shakliga aslo toqat qilmaslik siyosatiga amal qiladi.

Agneshka ushbu holatni aytib mardligi va befarq emasligini namoyish etdi”, degan Tanzila Norboyeva.

U so‘zida davom etib, holat puxta o‘rganilishi va aybdorlar jazolanishini qo‘shimcha qilgan.

“Albatta, ushbu hodisa puxta o‘rganilib, tahlil qilinadi, tegishli choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi. Ammo, u respublikada amalga oshirilayotgan barcha ulkan islohotlarga soya solmasligi lozim. O‘zbekiston demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyat barpo etish yo‘lini tanladi va shu yo‘ldan qat’iyat bilan qadam tashlashda davom etadi”, deya so‘zini yakunlagan Senat raisi.

Eslatib o‘tamiz, Agneshka Vilchevska TIV uning akkreditatsiya bo‘yicha so‘roviga 6 oy deganda rad javobi berganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u vazirlikdan biriktirilgan xodim uni o‘pishga uringani va O‘zbekistonda karantin haqida ijobiy maqolalar yozishini so‘ragani bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

559

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing