Norboyeva ilk tashrifni Koreyadan boshladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. Xonim Norboyeva Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri  Mun Xi Sang bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Koreyaning parlamentlararo aloqalari istiqbollari va parlament a’zolari hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Je Inning siyosiy irodasi va qat’iyati tufayli O‘zbekiston-Koreya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani ta’kidlangan. 

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a’zolarining “Koreya-O‘zbekiston” do‘stligi parlament uyushmasi raisi Byong Je Il ishtirokida MDH mamlakatlari parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo diplomatik forumi rahbari, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati Chu Mi E bilan uchrashuvi chog‘ida ham ushbu mavzu davom ettirildi.

Ta’kidlanganidek, parlamentlaro munosabatlar nafaqat o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, balki siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. 

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida, jumladan O‘zbekiston Respublikasi mahalliy Kengashlari deputatlari darajasida aloqalar rivojlanishini ta’minlashga urg‘u berildi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida muntazam parlamentlararo muloqot olib borilishi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Tadqiqot xizmati  rahbariyati bilan uchrashuv vaqtida delegatsiya a’zolariga Koreya Respublikasining saylov tizimi, Prezident va parlament saylovlari hamda mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovlarning o‘ziga xosliklari haqida taqdimot namoyish etildi.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a’zolari Seul shahri meri Pak Von Sun bilan uchrashdi. Unda Toshkent va Seul o‘rtasida do‘stlik aloqalari muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida ta’lim sohasida amaliy hamkorlik qilish, tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada tadbirlar o‘tkazilib, ikki shahar vakillarining o‘zaro tashriflari muntazam amalga oshirilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing