Norboyeva endi pedofillarning bolalar bilan ishlashi qat’iyan man qilinishini aytdi
Jamiyat
−
18 noyabr 2023
5730Endi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning bolalar bilan ishlashi qat’iyan man etiladi. Bu haqda Senat Raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aprel oyida Senatda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ushbu hujjatga asosan, qonunchilikka voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritildi.
Norboyevaga ko‘ra, kecha, 17 noyabr kuni hukumatning maxsus qarori bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlangan.
Endilikda qasddan odam o‘ldirish, voyaga yetmagan shaxsning nomusiga tegish, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoki saqlash, terrorizm, shuningdek boshqa turdagi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar mazkur reyestrga kiritiladi. Reyestr maxsus axborot tizimi orqali shakllantiriladi va yuritiladi.
“Eng muhim va e’tiborli tomoni shundaki, reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida nazorat qilib boriladi”, deydi Senat Raisi.
LiveBarchasi