Norboyeva daraxt kesganlik uchun jazoni keskin kuchaytirish kerakligini aytdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 31 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.

Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva hududlarda tejamkor sug‘orish texnologiyalariga yaxshi e’tibor berilmayotganiga to‘xtaldi.

“Hududlarda ekologiya xodimlari faol ishlashi kerak. Joylardagi daraxtlarning chang bosib yotishi tufayli, yetarli e’tibor berilmayotganidan qurib qolishi tabiiy. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha aniq ish olib borish maqsadga muvofiq. Umuman olganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu borada boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganishi lozim. Boisi, suv tanqisligi faqat O‘zbekistonda emas-ku. Qanday qilib boshqa davlatlar mavjud imkoniyatlardan foydalanyapti? Lekin ularda hamma joy ko‘m-ko‘k. Ular daraxtlarga shikast yetkazilsa, fojiadek qabul qilishadi. Bizda esa bu oddiygina holatdek bo‘lib ketyapti. Odamlar jarima to‘lab, yana daraxt kesish davom ettiryapti. Shuning uchun Qo‘mitaning mazkur yo‘nalishdagi yangi takliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu ishlarni uzoqqa cho‘zish kerak emas. Chunki bir daraxtni ekib, katta qilguncha bitta avlod ulg‘ayadi. U o‘zidan qachon kislorod chiqarib, atrofga soya-salqinlik berganiga qadar ko‘p vaqt o‘tadi”, deydi Norboyeva.

Senat raisi daraxtlar ayovsiz kesilishi davom etayotganiga to‘xtalib, buning uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish, jazo muqarrarligini ta’minlash kerakligini urg‘uladi.

“Shu bois, mutasaddi vazirlik-idoralar, hududiy tuzilmalardan mazkur masalalarda javobgarlikni keskin kuchaytirish, jazo muqarrarligini ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, daraxtlar muhofazasi borasida hamma uchun tushunarli va ochiq bo‘lgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha ishlarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Bunda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor berish lozim.

Yana bir jihat. Berilgan moratoriy Qo‘mita uchun bir imkoniyat edi. Mazkur muddatda mana shu ishlarni to‘g‘rilab olish uchun berilgandi. Moratoriy davrida daraxt kesilmasin-u, keyin kesaverilsin, degan muddat emasdi. Vaholanki, bu – qonunchilikni takomillashtirish, mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish, jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rnatish, umuman, barchasini yo‘lga qo‘yib olish uchun imkon edi. Moratoriy davri tugagandan so‘ng ishlangan mexanizm o‘z-o‘zidan ishlab ketilaverardi, afsuski moratoriyga 6 oy qoldi, lekin hech narsa tayyor emas”, deya vaziyatga baho berdi Tanzila Norboyeva.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2021 yilning 6 oyi davomida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 597 ta huquqbuzarlik sodir etilgan va o‘simlik dunyosiga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edik.

2021 yilning boshidan daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi va shikastlantirilishi bilan bog‘liq holatlar hududlar kesimida tahlil etilganda eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 1 065 ta, Samarqand – 609 ta, Qashqadaryo – 534 ta, Navoiy – 349 ta, Toshkent viloyatlari – 344 ta hissasiga to‘g‘ri kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

30

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing