Norboyeva chetda tomoshabin bo‘lib turmoqchi emas (video)
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
6761Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ayollarning ro‘moli bilan bog‘liq gaplariga munosabat bildirdi.
“Xabaringiz bor, kuni kecha ommaviy axborot vositalari orqali, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hokimi o‘tkazgan majlisda bildirgan fikrlari yuzasidan materiallar e’lon qilindi. Ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan juda salbiy fikrlar bildirilmoqda. Bu holat bo‘yicha birorta ijobiy fikr o‘qiganimiz yo‘q. Kechadan buyon internet portladi, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi.
Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyev viloyat faollari bilan bo‘lgan yig‘ilishda jamoat joylarida yurish-turish, kiyinish, shu jumladan ayollarning ro‘mol o‘rashi yuzasidan, keskin, ta’bir joiz bo‘lsa, judayam qo‘pol, rahbar, qolaversa, senator etikasiga mutlaqo zid tarzda fikr bildirgan”, deydi Tanzila Norboyeva.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida deputat, senator odob qoidalariga qat’iy rioya etishi lozimligi belgilangan.
Senatning 2017 yil 28 martdagi SQ-154–III-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Senat a’zolarining odobi qoidalariga ko‘ra senator o‘z faoliyatida jamiyatda umumiy qabul qilingan axloq-odob prinsiplariga qat’iy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi, shuningdek senator nomiga dog‘ tushiradigan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi lozim.
Biroq, G‘aniyev na hokim, na senator va na oddiy rahbar etikasiga to‘g‘ri keladigan yo‘l tutgan. Tanzila Norboyeva bu borada fikrlarini davom ettirib, diniy erkinlik bilan bog‘liq islohotlarga to‘xtaldi.
“Diniy erkinlik masalasida fuqarolarimizga berilayotgan imkoniyatlar, Haj safariga kvota oshirilgani, uning narxi tushirilishi, Islo sivilizatsiyasi markazining qurilayotgani, diniy ta’lim olish istagidagilarga ham keng imkoniyatlar yaratilayotgani, diniy marosimlarni o‘tkazishda ham keng huquq-erkinliklar berilayotganiga ham ko‘z yumib turolmaymiz.
Chegeradan chiqish, rahbarman deb odob-axloq qoidalariga rioya qilmaslik, o‘zidan past turgan xodimlarni haqoratlash, qo‘pol gapirish, men hamma narsani qilaveraman degan dunyoqarash bilan yashash mutlaqo noto‘g‘ri”.
Norboyevaga ko‘ra, bugun davlat boshqaruvi, parlament faoliyati xalq tomonidan bildirilayotgan fikrlar, talab va takliflar, kerak bo‘lsa, e’tirozlar asosida yuritilmoqda. Shuning uchun rahbarlar har bir fuqaroni tinglashi, ularning fadriyatlarini hurmat qilishi kerak.
“Islohotlarimizning yangi bosqichiga o‘tganimizda, davlat rahbarimiz tomonidan juda yaxshi tamoyil e’lon qilingan: xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qiladi. Biz xalq bilan muloqot qilish orqali, muammolarni aniqlayapmiz va butun islohotlar xalqimizning talab-istaklaridan kelib chiqyapti. Bular o‘z-o‘zidan kabinetlarda yoki idoralarda yozilayotgan hujjatlar emas. Biz mana shu islohotlarni olib borishda, birinchi navbatda insonlarni hurmat qilishimiz kerak.
Men o‘zimga aytamanki, har bir rahbar, u qaysi darajadagi rahbar bo‘lmasin, ishimizni mas’uliyat bilan vijdonan bajarishga mas’ulmiz. Qolaversa, mamlakatimizning har bir fuqarosi milliy urf-odatlari, an’analari, qadriyatlariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish har bir rahbarning burchi hisoblanadi”.
Bu birinchisi emas! Avvalroq ham hokimlarning, xususan Shuhrat G‘aniyevning boshqalarni haqorat qilgani bilan bog‘liq ovozli yozuv tarqalgan edi. Bu masalada Senat Reglament va odob komissiyasining yig‘ilishi esa birinchi marta o‘tkazilyapti. Norboyeva endi bu majlis tez-tez o‘tkazib turilishi kerakligini aytmoqda:
“Bu komissiya tez-tez yig‘ilmaydi. Shu vaqtgacha bunga asos bo‘ladigan masala bo‘lmagan edi. Bundan keyin tez-tez yig‘ilib, bunday masalalarni ko‘rib chiqish – davr talabi bo‘lyapti. Biz bu masalalarga kuzatuvchi bo‘lib qarab turishga mutlaqo qarshimiz”.
LiveBarchasi