Norboyeva Buxoroga borib, tadbirkorlarning dardiga quloq tutdi

Jamiyat

image

Buxoroda tadbikorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yetarli ishlar olib borilmagani sabab 1 ming 50 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 

Bu kabi masalalar bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida o‘tgan xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi 60-sessiyasida o‘rtaga tashlangan. 

Yig‘ilishda tadbirkorlik rivojiga halal berayotgan muammolar tahlil etilar ekan, kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani ana shunday to‘siqlardan biri ekanligiga alohida urg‘u berilgan. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar oqibatida bugungi kunda viloyatda muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 23 milliard 300 million so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelganligi ham ta’kidlab o‘tildi. Bunday holat tijorat banklarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi barobarida milliardlab so‘mlik mablag‘larni tadbirkorlik rivoji uchun qayta yo‘naltirish imkonini ham cheklamoqda.

Bundan tashqari, joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining byudjet soliq qarzdorligi 57,3 mlrd so‘mni tashkil qildi, avgust oyi davomida 22,5 mlrd so‘mi undirilishi ta’minlandi. Qolgan qarzdorliklar miqdorini kamaytirish bo‘yicha soliq idoralari ta’sirchan choralarni ko‘rishi talab etilishi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar samaradorligi ham pastligicha qolmoqda. 2019 yilga mo‘ljallangan mazkur dastur shu kunga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 33 foizga bajarilgan.

Bugungi kunda viloyatda 19 ming 685 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 4 ming 452 ta tadbirkorlik sub’ekti yangidan tashkil etilgan.

Faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari Buxoro shahrida (208 ta), G‘ijduvon (218 ta), Buxoro (155 ta) va Shofirkon (106 ta) tumanlarida ko‘pchilikni tashkil etadi.

Viloyatda yangi soliq rejimiga o‘tish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Joriy yildan boshlab 2310 ta sub’ekt (o‘tgan yilda 381 ta yoki 6 baravar ko‘p) yoki ularning 9,8 foizi umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tkazilgan. Ularning 256 tasi soddalashtirilgan, 2054 tasi standart 20 foizli stavkada qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi.

Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 1212 ta sub’ektda o‘tkazilgan kameral nazorat natijasida jami 39,3 mlrd so‘mlik qayta hisobotlar olinishi ta’minlangan. Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuborilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha talabnomalarga shubhali javob bergan 118 ta sub’ektda ekspress o‘rganish o‘tkazilib, ulardan 10,6 mlrd so‘mlik byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar hisoblab olingan.

Viloyat bo‘yicha tovar aylanmasi o‘tgan 2018 yilda 1,0 mlrd so‘mdan ortgan, yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 380 nafarni tashkil etib, ularning 195 tasi yuridik shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Buxoro

Baholaganlar

10

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing